Turkmanistonda o`zbek telekanallarining o`chirib qo`yilishining sababi ma`lum qilindi

Dunyo 21.02.2020, 11:58
2117
Turkmanistonda o`zbek telekanallarining o`chirib qo`yilishining  sababi ma`lum qilindi

O`zbekistondagi bir qator telekanallar Turkmanistonning TurkmenAlem 52E / MonacoSat aloqa sun`iy yo`ldoshidan o`chirib qo`yilgani hamda «O`zbekiston» va «O`zbekiston 24», «Yoshlar», «Kinoteatr», «Toshkent», «Bolajon», «Sport» va boshqa telekanallarning efiri qo`shni mamlakatda to`xtatilib qo`yilgan edi. 

Bu yanvar oyida «Sevimli» telekanali tomonidan efirga uzatilgan Amerikaning «Olti arvoh» filmi bilan bog`liq bo`lishi mumkinligi aytilgan.

O`zbekiston «Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan ma`lum qilinishicha, Amerikaning «Olti arvoh» filmi Turkmaniston sun`iy yo`ldoshi orqali o`zbek telekanallarining translyasiyasini to`xtatib qo`yishga sabab bo`lishi mumkin emas.

Qayd etilishicha, «Sevimli» telekanali Turkmanistonda rasmiy ravishda namoyish etilmaydi.

Ma`lum qilinishicha, hozirgi vaqtda «Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie markazi» 12 ta kanal — «O`zbekiston», «O`zbekiston 24», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport», «Navo», «Dunyo bo`ylab», «Madaniyat va ma`rifat», «Bolajon», «Kinoteatr», «Oilaviy» va «Mahalla» telekanallarini nazorat qiladi. Ularning translyasiyasi SES global sun`iy yo`ldosh operatoriga tegishli NSS-12 sun`iy yo`ldoshi orqali amalga oshiriladi. Ushbu o`zbek kanallarining translyasiyasi dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida, shu jumladan, Turkmanistonda namoyish etiladi.

Ta`kidlanishicha, 2019 yilning noyabr oyida Turkmanistonning Turkmen Xamresi kompaniyasi tashabbusi bilan shartnoma imzolangan. Unga ko`ra, o`zbek kanallari TurkmenAlem 52E sun`iy yo`ldoshi orqali uzatiladi. Efir NSS-12 bilan parallel ravishda tomoshabinlarning qamrovi va qabul qilish signallari parametrlarini o`rganish uchun olib boriladi. Qayd etilishicha, xuddi shu 12 ta kanal Turkmaniston sun`iy yo`ldoshi orqali uzatiladi, «Sevimli» telekanali bu ro`yxatda mavjud emas.

Avvalroq mazkur film ekranlarga chiqqanidan va uning atrofidagi shov-shuvlardan so`ng, Turkmaniston rasmiylari DVD filmlarni ijaraga berish joylarini yopgan. Shuningdek, ular davlat xizmatchilari va maktab o`quvchilari bilan uchrashuvlar o`tkazib, ularga G`arb tashviqotining xavfliligi hamda AQShning Turkmaniston davlatchiligini buzishga urinishlari haqida gapirgan.

AQShning Turkmanistondagi elchixonasi mazkur holatga bergan izohida film xususiy kompaniya tomonidan yaratilganligini ta`kidlagan. Amerika Qo`shma Shtatlari va AQShning Ashxoboddagi elchixonasi Turkmaniston bilan kuchli va samarali aloqalarni qo`llab-quvvatlashi qayd etilgan.


 

Шарҳлар