Surxondaryo viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan “Ishonch” gazetasining “Xoh ishoning, xoh ishonmang” nomli maqolasida keltirilgan ma`lumotlar o`rganildi.
Maqolada beshta maktabdagi holat tilga olingan.
Qumqo`rg`on tumani, “Ulug`bek” mahallasida joylashgan 1-sonli umumta`lim maktab: Maktabning 1959 yilda qurilgan binosining tom qismidagi shiferlari yaroqsiz holga kelib, binoning ichki qismiga suv o`tib qolganligi sababli 2019 yil noyabr oyida tuman hokimligi tomonidan ushbu binoning boshlang`ich sinflar o`qiydigan qismi, sport zali va qo`shimcha binosining tom qismi almashtirilgan. Shu vaqtda maktabning 304 nafar 1-5 sinf o`quvchilari oraliq masofasi 200 metr bo`lgan Qumqo`rg`on qishloq xo`jalik kasb-hunar kolleji binosida 2019 yilning noyabr, dekabr oylarida, qurilish ishlari yakunlangunga qadar o`qitilgan. 2019 yilning dekabr oyida tom qismlarini yangidan yog`ochlar o`rnatilib, profnastil (tunika shifer) bilan to`liq yopilgan. Shundan so`ng 2020 yil 11-yanvardan, ya`ni uchinchi chorakdan kollej binosida o`qitilayotgan o`quvchilar yana maktabga qaytarildi.
Ushbu maktab binosi viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan 2020 yil Investisiya dasturiga taklif berilgan, biroq, mablag` etarli darajada ajratilmaganligi sababli dasturga kiritilmagan. Yuqoridagilarni inobatga olib mazkur maktabni kelgusi yillar manzilli dasturlariga mukammal ta`mirlash bo`yicha taklif berilishi boshqarma tomonidan nazoratga olinganligini ma`lum qilamiz.
Qumqo`rg`on tumanidagi 51-sonli umumta`lim maktabi: “Yangi avlod” mahallasida joylashgan bu maktabda haqiqatdan ham qo`shimcha bino qurishga ehtiyoj mavjud.
Xalq ta`limi bo`limi tomonidan ushbu maktabga qo`shimcha bino qurish bo`yicha bir necha yillardan buyon takliflar berilgan. Ushbu takliflar asosida 2021 yilda 51-sonli umumta`lim maktabiga 300 o`rinli qo`shimcha bino qurish uchun 3740.0 mln so`m mablag` ajratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari O`zbekiston Prezidentining 2019 yil 26 noyabrdagi ““Zamanoviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-4537 sonli qarori asosida 2022 yilda 51-sonli umumta`lim maktabi kapital rekonstruksiya qilish yo`li bilan 180 o`rinli yangi bino qurish uchun 2160.0 mln so`m mablag` ajratilishi rejalashtirilgan.
Sho`rchi tuman xalq ta`limi bo`limi tizimidagi 13-mumiy o`rta ta`lim maktabi filiali binosi: bino 2018 yilda mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan to`liq joriy ta`mirlangan, ya`ni tom qismi yangidan yopilgan, burjuyka pechlar o`rniga isitish tizimi va isitish qozoni yangidan o`rnatilgan, deraza va eshiklari almashtirilgan, yangidan linolium pol qilingan. Filialning sinfxonalari har kuni isitish tizimi orqali isitiladi. Chiqindilar uyumi katta yo`l yoqasiga aholi tomonidan to`kilgan bo`lib, maktab hududiga kirmaydi hamda filial binosidan 100 metrdan ortiq uzoqlikni tashkil qiladi.
Uzun tumanidagi 30-umumta`lim maktabi: Maktab 2000 yilda qurilgan. 2007 yil Umummilliy davlat dasutri bo`yicha mukammal ta`mirlangan. Maktab binosini kapital ta`mirlash va ichimlik suviga ehtiyoji mavjud Maktabda 9x18 o`lchamdagi sport zal mavjud bo`lib, hozirda sport zal foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan. Yuqoridagilarni inobatga olib Uzun tumanidagi 30-sonli maktabning sport zal binosini rekonstruksiya qilish bo`yicha tegishli vazirlik idoralarga taklif kiritish boshqarma tomonidan nazoratga olinganligini ma`lum qilinmoqda.
Uzun tumanidagi 53-umumiy o`rta ta`lim maktab: Maktab o`quv binosi paxsa devordan bo`lib, hashar yo`li bilan 2003 yilda qurilgan. Ushbu maktabning qo`shimcha bloki 2004 yilda paxsadan hashar yo`li bilan qurilgan. Hozirgi kunda binoning tom qismi, poydevori, eshik deraza romlari, xona pol qoplamalari va bino devorlari texnik holati qoniqarsiz. Binoning devorlari mustahkamligi past bo`lgan loy-paxsadan bajarilgan bo`lganligi hamda hozirgi kunda binoning holati qoniqarsiz bo`lganligi sababli Surxondaryo viloyat qurilish sohasidagi Hududiy Nazorat Inspeksiyasiga 2019 yil 19 sentyabr kuni tegishli tartibda murojaat qilingan.
Inspeksiyasi xulosasiga asosan 53-umumiy o`rta ta`lim maktabining hashar yo`li bilan qurilgan o`quv binolari foydalanishga yaroqsiz deb topilgan.
Bugungi kunda ushbu maktabni Uzun tumanidagi hususiy tadbirkor tomonidan homiylik qilinib 300 o`rinli yangi bino qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.