13

Beeline O`zbekiston, Qozog`iston, Rossiya va Qirg`iziston uchun yagona SIM-karta chiqarmoqchi

Hi-tech 24.02.2020, 19:00
Теглар: Bilayn, sim karta
988
Beeline O`zbekiston, Qozog`iston, Rossiya va Qirg`iziston uchun yagona SIM-karta chiqarmoqchi

Beeline kompaniyasi O`zbekiston, Qozog`iston, Rossiya va Qirg`iziston uchun yagona SIM-karta chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Beeline Uzbekistan bosh direktori Sergey Afoninga tayanib xs.uz ma`lum qildi.

U joriy yilda rouming narxlari arzonlashtirilishini aytib o`tgan.

“Bu yaqin oylar ichida bo`ladi. Lekin biz uchun eng asosiysi O`zbekistonda o`tgan yil 4 dekabr kuni ishga tushirilgan pilot loyihadir”, — dedi u.

Afoninning aytishicha, hozirda Beeline ofislaridan bitta SIM-karta sotib olish mumkin. Undan ikkita raqam — biri O`zbekiston, ikkinchisi Rossiya uchun joy olgan.

“Siz O`zbekistonda ulanasiz, Rossiyaga uchib boradigan bo`lsangiz, sizga USSD so`rov orqali xabar keladi va siz avtomatik ravishda Rossiyadagi Beeline abonentiga aylanasiz... Shu kabi loyihani Qirg`iziston va Qozog`istonda ham amalga oshirish rejamizda bor. Biz to`rt mamlakatni roumingsiz zonada birlashtirmoqchimiz”, — dedi u.

Kompaniya buni xorijga pul ishlash maqsadida chiqib ketadigan, eng avvalo, mehnat migrantlariga qulaylik yaratish maqsadida joriy etayotganii bildirgan.

“Hozircha bu pilot loyiha, O`zbekiston tashqarisida uchinchi shaxslarga ma`lumotlar uzatish bilan bog`liq tartibga solish cheklovlari mavjud. Ushbu loyiha O`zbekiston qonunchiligiga tegishli o`zgartishlar kiritilganidan so`ng to`liq ishlashi mumkin. Bu, jumladan, “Shaxsga doir ma`lumotlar to`g`risida”gi Qonun, operatorlarning lisenziyadagi majburiyatlariga taalluqlidir”, — deya qayd etib o`tgan S.Afonin.

Uning aytishicha, ayni paytda ushbu pilot loyiha natijalari Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan o`rganilmoqda.

“Ular bu qanday boshqarilyapti, ular uchun qay darajada shaffof ekanligini ko`rib chiqishyapti, agar hammasi risoladagidek bo`lsa, biz ushbu loyiha miqyosini juda tez kengaytira olamiz. Buni joriy yildayoq amalga oshirishni xohlagan bo`lar edik”, — dedi u.

Шарҳлар