Bokschilarimiz yurtimizga uchta oltin va 7 ta olimpiada yo`llanmasi bilan qaytishmoqda

Sport 12.03.2020, 11:10
666
Bokschilarimiz yurtimizga uchta oltin va 7 ta olimpiada yo`llanmasi bilan qaytishmoqda

Xabaringiz bor, Iordaniyaning Amman shahri boks bo`yicha Tokio-2020 olimpiadasiga lisenzion turnirga mezbonlik qildi. Kecha bahslar yakuniga etib, unda o`zbekistonlik charm qo`lqop ustalaridan uch nafari oltin medalga sazovor bo`ldi. Bokschilarimizdan Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov hamda Bahodir Jalolovlar o`z vazn toifalarida tengsiz ekanligini isbotlashdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati yozmoqda

-57 kg vazn toifasida Mirazizbek Mirzaxalilov iordaniyalik Muhammad Alvadiga qarshi ringga ko`tarildi va 5:0 hisobida yaqqol ustunlik bilan g`alabaga erishdi.

-63 kg vazn toifasidagi vakilimiz Elnur Abduraimov esa finalda qozog`istonlik bokschi Zokir Safiullin bilan to`qnash keldi. Murosasiz kechgan jangda hamyurtimizning qo`li baland keldi – 3:2, Elnurning foydasiga. Shu tariqa Abduraimov terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni qo`shib qo`ydi.

Nihoyat eng og`ir, ya`ni +91 kg vazn toifasidagi bokschimiz, amaldagi jahon chempioni Bahodir Jalolov musobaqaning so`nggi jangida avstraliyalik sportchi Yustis Xuni ustidan 5:0 hisobida ishonchli g`alabaga erishdi. Qisqasi, final janglarida qatnashgan har uchala bokschimiz ham yakunda oltin medalga sazovor bo`ldi.

Shu tariqa boks bo`yicha olimpiada lisenzion turnirida O`zbekiston terma jamoasi uchtadan oltin va bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o`rinni egalladi. Tokio-2020 olimpiadasiga esa 7 ta yo`llanma qo`lga kiritildi. Bular – Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov, Bahodir Jalolov (barchasi oltin), Shahobiddin Zoirov, Bobousmon Baturov, Sanjar Tursunov (uchalasi ham bronza) va qizlardan Tursunoy Rahimovadir.

Biz bokschilarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etamiz.

 

Шарҳлар