13

Sog`liqni saqlash vaziri: "Davolash uchun O`zbekistonda dori vositalarining zaxirasi etarli"

Salomatlik 15.03.2020, 17:41
Теглар: sog`liqni saqlash, vazir, vahima, koronavirus
856
Sog`liqni saqlash vaziri: "Davolash uchun O`zbekistonda dori vositalarining zaxirasi etarli"

Ayni paytda Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O`zbekiston 24 telekanali orqali jonli efirda O`zbekistonda koronavirus qayd etilgani masalasida ma`lumot beryapti.  

Sog`liqni saqlash vaziri bahor mavsumida turli viruslar qo`zg`alishini, aynan koronavirusning esa alohida belgilarini aniqlash qiyin ekanligini aytdi.  

Shu sababli odamlar birinchi navbatda yuqori darajada tana harorati kuzatilganda va quruq yo`tal alomatlari paydo bo`lganda koronavirus gumoni bilan shifokorga murojaat qilishlari lozimligini ta`kidladi.  

Ma`lum bo`lishicha, eshik tutqichlari, televizor pultlari ham eng ko`p infeksiya yig`uvchi hisoblanadi. Xonadonda tozalikni saqlash kasallik yuqtirmaslikning muhim shartidir.  

"Vahima – bu stress, stress esa immunitetni tushiradi va kasallik yuqishiga sharoit yaratadi", dedi vazir.

Shuningdek sog`liqni saqlash vaziri fuqarolarga murojaat qilib shunday dedi:  

"Avvalo immunitetni saqlashimiz va ko`tarishimiz kerak. Ko`proq ko`katlar, mevalar iste`mol qilishimiz lozim. Ovqatlanish rasioniga faqat immunitetni ko`taruvchi mahsulotlarni kiritaylik.  

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar ichida 19 yoshgacha bo`lganlar juda kam. 19 yoshgacha bo`lganlarning o`lim holatlari umuman qayd etilmagan. Shu sababli immuniteti past o`rta yoshli odamlar, keksalarimizni asrashimiz, ularni karantinda saqlashimiz, odamlar ko`p yig`ilgan tadbirlardan ularni ham o`zimizni ham cheklashimiz zarur.

Alisher Shodmonov koronavirus kasalligi tarqalgan taqdirda O`zbekistonda davolash uchun dori vositalari va shifoxonalarda o`rinlar, dizenfeksiyalovchi vositalarning etarli zaxiralari mavjudligini aytdi.

Шарҳлар