my5

Deyarli 124 ming dona sertifikatsiz tibbiy niqoblar savdosiga chek qo`yildi

Jinoyat 20.03.2020, 18:00
Теглар: niqob, sertifikat, soliq
1045
Deyarli 124 ming dona sertifikatsiz tibbiy niqoblar savdosiga chek qo`yildi

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan joriy yilning 17-19 mart kunlari poytaxtimizda o`tkazilgan tadbirlar davomida umumiy qiymati 311 million 200 ming so`mlik hech qanday sifat sertifikatiga ega bo`lmagan 123 ming 431 dona tibbiy niqoblar savdosiga chek qo`yildi. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Shuningdek umumiy qiymati 104 million 640 ming so`mlik 2 ming 616 dona paxta yog`i hamda umumiy qiymati 29 million 400 ming so`mlik 7 ming 932 kilogramm kartoshkaning noqonuniy ravishda savdoga qo`yilganligi aniqlandi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida o`tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida fuqaro Mardonbek Murodov (ism familiyalar o`zgartirilgan) belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tmasdan, hech qanday hujjatlarsiz 8 ming 750 dona, umumiy qiymati 17 million 500 ming so`mlik tibbiy niqoblarni savdoga qo`ygani ma`lum bo`ldi.

Shuningdek, Yunusobod tumanida o`tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida fuqaro Zufar G`ayratov (ism familiyalar o`zgartirilgan) ham mo`may daromad ilinjida hech qanday sifat sertifikatiga ega bo`lmagan 8 ming 400 dona, umumiy qiymati 16 million, 800 ming so`mlik tibbiy niqoblarni 3 ming so`mdan noqonuniy ravishda pullayotgani aniqlandi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan qonuniy chora ko`rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan oziq-ovqat va zarur tibbiy vositalar narxlarini sun`iy oshirilishining oldini olish maqsadida Uchtepa tumanida o`tkazilgan monitoring tadbirlari davomida fuqaro Qahramon Hamroev (ism familiyalar o`zgartirilgan) 2 ming 616 dona, umumiy qiymati 104 million 640 ming so`mlik paxta yog`ini sotish maqsadida saqlayotganligi aniqlandi.

“Uddaburon" tadbirkor mahsulotining sifat sertifikati hamda tegishli hujjatlarini taqdim eta olmagani uchun tovarlari vaqtincha olib qo`yildi. Hozirda mazkur yog`larning iste`molga yaroqliligi va fuqaroning qo`liga qanday yo`llar bilan etib kelgani o`rganilmoqda.

Шарҳлар