Rejissyor Sarvar Karimov "Sarvqomat dilbarim"dagi o`pishish sahnasi va titrlar kesib tashlangani uchun "Milliy TV"ni sudga bermoqchi

Madaniyat 21.03.2020, 15:50
1240
Rejissyor Sarvar Karimov "Sarvqomat dilbarim"dagi o`pishish sahnasi va titrlar kesib tashlangani uchun "Milliy TV"ni sudga bermoqchi

Chingiz Aytmatovning "Sarvqomat dilbarim" asari asosida o`zbekistonlik rejissyor Sarvar Karimov tomonidan suratga olingan film 20 mart kuni "Milliy TV" telekanali orqali efirga uzatildi. Sarvar Karimov efirga uzatilgan filmning eng muhim qismlari — Ilyos va Asalning Issiqko`l bo`yidagi bo`sa sahnasi kesib tashlanganidan noroziligini bildirib, bayramdan so`ng telekanalni sudga berishini o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma`lum qildi.

"Qadrli "Milliy TV" telekanalining ayrim ijodkorlari. Sizlarni ilgari ham unchalik qattiq yaxshi ko`rmasdim-u, kechagi ishingizdan keyin umuman yomon ko`rib qoldim. Telekanalingizni butun ijodiy jamoamiz bilan yomon ko`ramiz. Magazinchi G`aybulla ham sizlarni yoqtirmaydi, o`zi aytdi menga.

Kecha, ya`ni 2020 yil 20 mart soat 22:00 da men rejissyorlik qilgan «Sarvqomat dilbarim» filmi telekanalingizda efirga uzatildi. Uyalmasdan, mendan ruxsat so`ramasdan, bir og`iz maslahatlashmasdan filmning eng muhim sahnalaridan biri bo`lmish — Ilyos va Asalning Issiqko`l bo`yidagi bo`sa sahnasini kesib tashlabsizlar. Avvalambor, bu sahna syujet uchun o`ta muhim. Qolaversa, aynan shu sahnada filmning g`oyasiga xizmat qiluvchi kiyik obrazi ilk bora tomoshabin ko`z oldida gavdalanardi. Bu kiyik metafora bo`lib, baxt timsolini o`zida ifoda etadi. Afsuski, sizlar metafora nima ekanini tushunmasangiz kerak. Aks holda uni kesib, yo`q qilib tashlashga vijdoningiz yo`l qo`ymagan bo`lardi.

Shu o`rinda sizlarga savol bermoqchi edim: nahotki odam shu qadar qo`rqoq bo`lishi mumkin? Ikki odam kadrda o`pishsa – musaffo osmonimiz uzilib qaro erga qulab tushadimi? Yoki o`zbek o`pishmaydimi? Yoki bu filmda uydan qochib, ko`cha-kuyda o`pishib yurish targ`ib qilinganmi? Filmni o`zi ko`rayotganda mundoq umumiy ma`no-mazmuniga ham ahamiyat berasizlarmi? Yoki aql-u farosatingiz faqatgina asarni alohida-alohida kadr darajasida ko`rishdan uyog`iga o`tmaydimi? Filmning boshida katta qilib 16+ deb yozilgan bo`lsa, jonivor kechasi 22:00 dan keyin berilayotagan bo`lsa – nima muammo? Qolaversa, kinoni men tasvirga olganman, «O`zbekkino» Milliy agentligi badiiy kengashi tasdiqlagan, shu sahnasi bilan O`zbekiston, Qirg`iziston, Rossiya, Turkiya kinoteatrlari namoyish etgan, festival va tanlovlarda qatnashgan. Shunday ekan, siz nimadan qo`rqasiz? Gap tegsa – menga tegadi, «O`zbekkino»ga tegadi-ku! Sizlarga tegmaydi. Tegsa ham, «Ana, rejissyordan so`ranglar nega bunaqa uyatsiz kino olganini. Bizga «O`zbekkino» berdi kinoni, biz qo`ydik», desangiz ham bo`ladi-ku?! Nega bu qadar qo`rqoqsiz? Nega bu qadar kalta o`ylaysiz? Qilayotgan ishingizdan o`zingiz uyalmaysizmi? Nahotki bir umr qo`rqib, qaltirab, ikki pullik ishingizdan ayrilib qolish vahimasi bilan yashab, o`lib ketaverasizlar? Siz ham odamsiz-ku, qul emas. Ongli mavjudotsiz-ku. Miya nimaga berilgan o`zi? O`pishish sahnasi «O`tkan kunlar»da ham, «Shum bola»da ham bor-ku. Yoki bu filmlar ham uyatsizmi? Yoki Chingiz Aytmatov yomon yozuvchimi, uyatsiz, ma`naviyatsiz asarlar yozganmi? Kesmasangiz — dunyo ostin-ustun bo`lib ketar ekan, men bilan aloqaga chiqib, bir og`iz maslahatlashsangiz bo`lmasdimi?

Bundan tashqari Ilyosning «Ilhom» teatrida foe bo`ylab yurish sahnasini ham kesibsizlar. Chunki devorda rassom Sardor Erkinovning «Metamorfozalar» turkum kartinalari ilingan edi. Yarim yalong`och erkak va ayollarni ko`rib, qo`rqib ketgan bo`lsangiz kerak-da. Shu sahna efirdan ketsa – o`zbek millati parokanda bo`lib, yoshlarimiz yoppasiga uyatsiz bo`lib ketadi-ku axir, to`g`rimi?

Ammo eng achinarlisi – film yakunidagi titrlarni ham butkul kesib tashlabsizlar. Ya`ni bu bilan film uchun bir yil fidokorona xizmat qilgan yuz kishiga yaqin jamoaning mehnatini sariq chaqaga ilmagansizlar. Ilgari titrni yashin tezligida o`tkazib yuborardingiz. Bunisiga ko`nikkan edik. Efir vaqti falon pul, buni biz ham tushunamiz. Ammo yakuniy titrni butkul kesib tashlash – qip-qizil surbetlik emasmi?

Xullas, men sizlardan xafaman va dushanba kuni yaxshi niyat bilan advokat yo`llab, telekanalingizni sudga beraman. Zora, shu insedentdan keyin qolgan telekanallarimizga ham insof tegib qolar va oz bo`lsa-da, kinoijodkorlarning mehnatini qadrlashni o`rganishar. Lekin sizlarni bari-bir yomon ko`raman. O`zingizni o`zingiz ham yomon ko`rsangiz kerak. Tag`in bilmadim...

Navro`z bayrami bilan ham tabriklamayman sizlarni. Sizlar – yomon odamsizlar!" deb yozadi kinorejissyor Sarvar Karimov.

Шарҳлар