Prezident Shavkat Mirziyoev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo`yicha O`zbekiston ahliga yana bir bor murojaat qildi.
Viloyat, shahar va tuman, 4 ta sektor rahbarlarining epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsiy javobgar ekanligi haqida qat`iy ogohlantiraman. Sizlar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yo`l qo`ymaslik, karantin rejimini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish bo`yicha tunu kun ishlashingiz shart.
Mahalla fuqarolar yig`inlariga ham ko`p e`tirozlarim bor. Joylarda mahalla faollarining roli umuman sezilmayapti. Mahalla raislarining ko`z oldida ayrim fuqarolar ko`p odamlarni yig`ib, dabdabali marosim va tadbirlarni o`tkazishni davom ettirmoqda.
Misol uchun, Farg`ona viloyati Yozyovon tumani Beruniy mahallasida yashovchi ayol Umradan qaytib kelib, uyda karantinda bo`lish talablarini qo`pol ravishda buzib, ertasi kuni 120 nafar kishini chaqirib, dabdabali marosim o`tkazgan. Oqibatda uning 4 nafar oila a`zosi infeksiya yuqtirgani aniqlandi. Yana qancha odam kasallangani hali noma`lum.
Shu bois karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to`g`risida parlamentimiz qabul qilgan qonunni imzoladim. Ushbu qonunga asosan, bundan buyon karantin davrida atrofidagi insonlarning sog`lig`i va hayotini xavf ostiga qo`yganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini qat`iy ta`minlashi shart.