Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Ma`lumki, mazkur kasallik jahon iqtisodiyotiga salbiy ta`sir etmoqda. Odamlar salomatligidan iqtisodiyotni ustun qo`ygan davlatlarning achchiq tajribasi bu yo`lning nechog`lik noto`g`ri ekanini ko`rsatmoqda.
Shu bois mamlakatimizda infeksiyaning keng tarqalib ketishiga yo`l qo`ymaslik hamda kasallikni davolashga barcha kuch va vositalar safarbar qilindi.
Xususan, karantinga olingan fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko`rsatish maqsadida Toshkent viloyati O`rta Chirchiq tumanida birinchi bosqichda 10 ming o`ringa mo`ljallangan karantin zonasini barpo etish ishlari yakunlanmoqda.
Ushbu viloyatda 2 ta besh ming o`rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilmoqda. Uning mingtalik birinchi bloki yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.
Bundan tashqari, Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida har biri ming kishilik modul kasalxonalar va karantin punktlarini jihozlash ishlari boshlandi.