Shu yilning 26 mart kuni surunkali kasalliklari bilan dispanser nazoratida bo`lgan namanganlik 72 yoshli ayol koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi. 27 mart kuni ushbu bemor shifokorlarning reanimasion muolajalariga qaramasdan o`tkir miokard infarktidan vafot etgan.
O`zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari ushbu holat bilan bog`liq tegishli fatvolar va tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan kengashgan holda koronavirus kasalligi mavjud bo`lgan mayyitni dafn etish borasida quyidagilarni ma`lum qiladi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan mazkur masala bo`yicha Misrning “Dorul-ifto” fatvo uyushmasi fatvosi, Azhar ulamolari kengashi fatvosi, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi fatvolari o`rganib chiqildi.
Hozirgi kunda dunyo musulmon davlatlari tajribasida mayyitni yuvish, kafanlash va dafn marosimi sanitar xodimlar yordamida shariatga muvofiq ado qilinmoqda. Ushbu amallarni bajarishda mayyitning yaqinlari ishtirok etayotgani yo`q. Marhumning yaqin qarindoshlari faqat janoza o`qishda qatnashmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi bilan o`zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariatimiz ko`rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinadi. Bu jarayonda O`zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etadi.
Mazkur amallar farzi kifoya ma`nosidagi ishlar bo`lib, ba`zi musulmonlar amalga oshirishsa, qolganlaridan soqit bo`ladi.
Demak, koronavirus kasalligi mavjud bo`lgan mayyitni dafn marosimini faqat yaqin qarindoshlari vakillari ishtirokida qilish lozimdir.
Dafn marosimida ishtirok etuvchilar tibbiy ko`rsatmalarga amal qilishlari, jumladan, niqoblar va qo`lqoplardan foydalanishlari hamda marosimdan so`ng karantin talablari asosida dezinfeksiya va shaxsiy gigiena amallarini bajarishlari lozim.
Ta`kidlash joizki, janoza, dafn va ta`ziya marosimlarini ixcham tarzda o`tkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiena qoidalariga jiddiy amal qilish lozim bo`ladi. Shuningdek, maxsus komissiya qarori asosida qat`iy cheklangan tarkibda o`tkaziladi.