Janbiy Koreyada o`zbeklar tomonidan birinchi masjid quriladi. Bu haqda Islom.uz xabar berdi.
Bir necha yil avval Janubiy Koreyada yashab, o`qiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimiz tomonidan mahalliy hukumatdan masjid va islom markazi ochish uchun ruxsat olingan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz, dindoshlarimizning iymon-e`tiqodi, turmush tarzi haqida qayg`urib, u erdagi masjidning sof Islom, sof aqiyda asosida faoliyat yuritishiga astoydil harakat qilgan, masjidni kerakli diniy adabiyotlar bilan ta`minlashga bosh-qosh bo`lganlar. Keyinroq Koreyadagi yurtdoshlarimiz uchun O`zbekistondan imom-xatib ham tayinlaydilar.
Shayx vafotlaridan so`ng Kojedo shahridagi ushbu masjid shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining nomi ostida rasmiy ravishda faoliyat ko`rsatib kelayotgan edi.
Biroq, masjid binosi ijaraga olingan joy bo`lgani uchun u yerga yurtimizdan rasmiy imom-xatib tayinlash hujjatlarini rasmiylashtirish borasida ba`zi qiyinchiliklarga duch kelinadi.
Janubiy Koreyaning amaldagi qonun-qoidalarga ko`ra, u erda yurtimizdan borgan imom-xatiblar xizmat qilishi uchun masjid uchun ajratilgan er maydoni va uning binosi rasmiy ravishda xarid qilingan bo`lishi talab etilar ekan.
Koreyada istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ana shu xayrli ish amalga oshganini quvonchi bilan ma`lum qilishdi. Hamyurtlarimiz tomonidan Koreyaning Mokpo shahrida masjid uchun 222,8m² er maydoni sotib olinib, endi u erda yangi masjid binosi qurilish ishlari boshlanishi ma`lum qilindi.
Bu masjid Janubiy Koreya hukumatining rasmiy ruxsati bilan, amaldagi qonunchilikka binoan sotib olingan er maydonida o`zbeklar tomonidan qurilgan birinchi masjid bo`ladi.
Eng muhimi, endilikda bu masjidga xizmat qilish uchun boradigan O`zbekistonlik imom-xatiblar uchun viza va boshqa hujjatlar rasmiylashtirilishida hech qanday muammolar yuzaga kelmaydi.