Evropa davlatlariga tashrif buyurgan bir guruh xitoylik ekspertlarning so`zlariga ko`ra, Italiya koronavirusning engil formasiga chalingan bemorlarni uy karantini o`rniga, boshqalardan alohida ajratilgan karantinga olishi kerak, deya yozdi Tarjumon.
Uxandagi shifokorlar virus tarqalgan ilk davrda xuddi shunday xatoga yo`l qo`ydilar, dedi G`arbiy Xitoy kasalxonasining nafas kasalliklari bo`limi boshlig`i Liang Zong`’An. O`sha paytda og`ir ahvoldagi kasallar shifoxonalarga yotqizilgan bo`lsada, shifokorlar kasallikni engil darajada o`tkazayotgan odamlarga uylarida o`zlarini karantin qilishlarini tavsiya qilishgan.
O`sha vaqtlarda virus qanchalik yuqumligi haqida yaxshi ma`lumot mavjud emas edi. Hatto virusning engil darajasiga chalingan va unchalik kasalga o`xshamaydigan odamlar ham kasallikni tarqatishi mumkinligi haqida yaxshi tasavvur bo`lmagan. Endilikda, tadqiqotchilar engil alomatli bemorlar ham uyda virusni oila a`zolariga, shuningdek, uydan tashqaridagi odamlarga yuqtirishlari mumkinligini bilishadi.
«Ko`chaga chiqish ta`qiqlangani sababli hozirgi paytda ko`plab mamlakatlarda koronavirus tarqalishidagi aksariyat holatlat uy sharoitida ro`y bermoqda. Ya`ni, kasallar uyda o`z oila a`zolariga virusni yuqtirishyapti. Endi biz oilalarga borib, bemorlarni topishimiz va ularni xavfsiz tarzda izolyasiyaga olishimiz kerak» dedi Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar bo`yicha rahbari Mayk Rayan dushanba kuni bo`lib o`tgan brifingda.
Koronavirusning “vatani” bo`lgan Uxanda fevralning boshidanoq ofislar, stadionlar va gimnaziyalardan vaqtincha shifoxonalar sifatida foydalanib barcha engil holatdagi bemorlar karantinga olina boshlandi. Bu esa virus tarqalishini keskin kamaytirishga xizmat qilgan. Natijada o`tgan yilning dekabr oyi oxirida vujudga kelgan koronavirus butun jahon bo`ylab avj olayotgan hozirgi paytda Uxanda bu kasallik tarqalishining to`xtashiga erishildi.
Ma`lumot o`rnida, Italiyada koronavirusdan vafot etganlar soni 11,000 dan oshdi, bu dunyodagi eng yuqori ko`rsatkichdir. Dunyo miqyosida 740,000 dan ortiq odam kasallikni yuqtirib oldi va 35,000 dan ortiq odam uning qurboniga aylandi.