9 aprelda Xitoydan Qozog`istonga bir guruh shifokorlar COVID-19ga qarshi kurashda ko`maklashish uchun yuborilyapti. Bu haqda coronavirus2020.kz ma`lumotlariga tayanib Sentralasia.media xabar berdi.
Xitoy missiyasi tarkibini yuqori malakali shifokorlar, koronavirus infeksiyasini davolashda katta tajribaga ega bo`lgan tibbiyot xodimlari tashkil qilmoqda. Ular qozog`istonlik shifokorlarni uslubiy maslahat yordami bilan qo`llab-quvvatlaydilar. Shu bilan birga yangi turdagi koronavirus infeksiyasining oldini olish, nazorat qilish va aniqlash bo`yicha xitoycha usullarni o`rgatadilar.
Qozog`iston tomoni bu haqda telefon muloqot jarayonida taklif kiritgan bo`lib, 24 mart kuni mamlakat rahbari Qosim-Jo`mart Tokaev va Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin bunga kelishib olishgan edi.
7 aprelda Qozog`iston Sog`liqni saqlash vazirligi vise-vaziri L.Aktaeva hamda XXR sog`liqni saqlash qo`mitasi va xitoylik shifokorlar o`rtasida video muloqot bo`lib o`tdi.
Unda tomonlar 13 ekspertdan iborat maxsus guruh (pulmonologlar, infeksionistlari, epidemiologlar, jamoat sog`ligini saqlash mutaxassislari, terapevtlar)ni shakllantirish va boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilishdi.
Mazkur delegasiya bilan birgalikda Xitoydan Qozog`istonga ikkinchi gumanitar yordam yuki kelishi ham kutilmoqda.
08.04.2020 22:23
Qozog`istonga bir guruh xitoylik shifokorlar yordamga kelmoqda
