Prezidentimiz topshirig`i bilan Zangiota tumanida ham 10 ming nafar bemorni qabul qilishga mo`ljallangan shifoxona qurilmoqda.
Hozirda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan olib kelingan salkam 13 ming fuqaro ham karantinga olindi.
Shu bois Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo`ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning bitgan qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolar joylashtirildi.
Hozir Zangiota tumanida 10 ming o`rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlarida 2 mingta o`rin ishga tushiriladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Zangiota karantin hududidagi maxsus virusologiya shifoxona kompleksining umumiy maydoni 130 gektarni tashkil qiladi. Shifoxona qurilishi 23 mart kuni qurish boshlangan edi.
10 ming o`rinli shifoxonaning 5 ming o`rinli binosi “O`zbekiston temir yo`llari” ko`magida bunyod etilmoqda. Bu erda shifokorlarga alohida xona, jarrohlik, tug`ruq bo`limlari, muolaja xonalari, tibbiyot bo`limlaridan tashqari karantin hududiga keltirilganlardan shu erning o`zida tahlil olish uchun laboratoriya, oshxonalar, kir yuvish bo`limi, utilizasiya bo`yicha alohida joy ham qurilmoqda. Ventilyasiya, tibbiy kislorod etkazib berish, kommunikasiya tizimlari hammasi zamonaviy tarzda jihozlanadi. Karantin hududini yaratishda barcha sanitar gigienik normalar hisobga olingan. Maxsus shifoxona kompleksining poydevor ishlari yakunlanib, engil konstruksiyalar asosida bino devorlari ham bitkazildi.Qurilish ishlari 3 smenada tashkil qilingan bo`lib, 2000 nafarga yaqin quruvchi mehnat qilmoqda. Ushbu maskan qisqa fursatlarda foydalanishga topshiriladi.