my5

O`zbekistonda koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo`lganlarni aniqlaydigan mobil ilova yaratildi

Hi-tech 29.04.2020, 08:50
1244
O`zbekistonda koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo`lganlarni aniqlaydigan mobil ilova yaratildi

Innovasion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan “Project Managers” korxonasining yosh dasturchilari kasalligi aniqlangan bemor bilan muloqotda bo`lganlarni aniqlash jarayonni avtomatlashtirish maqsadida “Birga Yengamiz” nomli mobil ilova yaratdi. Bu haqda Innovasion rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur mobil ilova Android va iOS qurilmalar uchun mo`ljallangan. Ilovaning asosiy vazifasi bemor bilan oxirgi 14 kun ichida yaqin masofada va muayyan vaqt aloqada bo`lgan shaxslarni aniqlash va zarur xollarda ularni karantinga joylab virusni yanada keng tarqalishining oldini olishdir.

– Odamlar o`z ishlariga, karantingacha bo`lgan davrdagi hayot tarzlariga qaytsalar-da ularning kim bilan qachon, qaerda va qancha vaqt mobaynida uchrashganlari haqida ma`lumotlar qayd etib boriladi, – deydi mazkur ilovaning yaratuvchilaridan biri Alisher Tojiev. – Agar biror kim kasallansa, u 14 kun davomida uchrashgan odamlarni topish hamda ularni karantinga qo`yish mumkin bo`ladi.

Butun dunyoda hozir olimlar va tadqiqotchilar tezroq odatiy hayotga qaytish va muloqotlarni cheklash choralari olib tashlanganidan keyin kasallikning qayta ommaviy tarqalmasligi bo`yicha izlanishlar olib bormoqdalar. Mobil telefonlar uchun maxsus ilovalardan foydalanish mana shunday izlanishlarning natijasidir. Singapur, Janubiy Koreya, Tayvan kabi mamlakatlarda bunday ilovalar o`z samarasini ko`rsatib kelmoqda. Buni OAVda “onlayn karantin” yoki “raqamli karantin” deb ham atashmoqda.

Hozirda Innovasion rivojlanish vazirligi mas`ullari koronavirusning keyingi tarqalishini oldini olishda mazkur ilovaga katta umid bog`lamoqdalar. Negaki, COVID-19 virusini tashuvchilarda kasallik alomatlari bo`lmasa-da, ular bemalol kasallikni boshqalarga yuqtirishi mumkin. Dunyoda aniqlangan kasallikka chalingan bemorlarning yarmi aynan kasallik tashuvchilardan virusni yuqtirganlar. Shu bois ham bu ilovadan istaganlar emas, balki butun aholi foydalanishi talab etiladi. Oksford universitetining olimlarining ta`kidlashicha, aholining kamida 60 foizi mazkur ilovalardan foydalansagina u samara beradi.

Hozirda mazkur ilovani “PlayMarket” va “AppStore” platformalarida joylashtirish bo`yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Шарҳлар