Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 2017-2019 yillarda manzilli Dastur ijrosi yuzasidan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga “O`zelektroapparat-Elektroshit” AJ va Toshelektroapparat” MChJdan elektrotexnik jihozlarni to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzish orqali maqbul (optimal) narxlarda sotib olishga ruxsat berilganligi ko`rsatib o`tilgan.
Biroq, jamiyat mansabdor shaxslari elektrotexnik jihozlarni sotib olish haqida boshqa MChJlar bilan shartnomalar tuzishib, 5,4 mlrd so`m byudjet mablag`larini rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.
Bundan tashqari, jamiyat mansabdorlari tomonidan “O`zelektroapparat-Elektroshit” AJ va “Toshelektroapparat” MChJlardan to`g`ridan-to`g`ri shartnoma asosida xarid qilingan transformator podstansiyalarining narxlariga nisbatan transformator podstansiyalarini 1,3 mlrd so`mga boshqa korxonadan qimmat narxda sotib olinib, davlat va jamoat manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan "Samarqand HETK" AJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.