my5
Sevimli

Farg`onalik talabalar quyoshdan quvvat oluvchi svetofor ixtiro qilishdi

Hi-tech 25.05.2020, 20:57
Farg`onalik talabalar quyoshdan quvvat oluvchi svetofor ixtiro qilishdi

Farg`ona politexnika instituti talabalari elektr energiya tejaydigan aqlli svetoforni kashf qildi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi rasmiy kanali xabar berdi.

Mazkur svetafor mobil, fotoelektrik avtonom svetofor shahar va qishloqlarning qarama qarshi yo`nalishda transport harakati qo`yilgan yo`llaridaa ta`mirlash ishlarini bajarish, maxsus tadbirlar o`tkazish, piyodalar o`tish xavfsizligini ta`minlash va boshqa ishlarni bajarishda transport harakatini vaqtinchalik tartibga solishga mo`ljallangan.

Mobil svetofor quyosh paneli, akkumulyator, optik svetodiodli svetofor va tizimni boshqarish va nazorat qilish elektron bloklaridan iborat. Bularning barchasi harakatlanuvchi aravachaga o`rnatilgan.

Elektr energiya manbai bo`lgan 50 Vt.li quyosh fotoelektrik paneli, kuchlanish 12 V va tok kuchi 70 A/soatli akkumulyator orqali svetoforni tunu kun bardavom ishlashini ta`minlaydi. Svetofor qizil va yashil yonuvchi ikki seksiyadan iborat 8 ta yoritish chiroqlaridan iborat.

Yaratilgan ko`chma svetofor quyosh panellari yordamida o`zini o`zi bemalol ta`minlay oladi. Quyoshsiz holatda ham akkumulyatorlar orqali 14 soatgacha ishlashi mumkin.

Konstruksiyalashda asosiy e`tibor energiya tejamkor, avtonom ishlovchi, mobil, ya`ni bir joydan boshqa joyga qo`shimcha xarajatsiz ko`chirish imkoniyatini beruvchi, ish rejimi yashil, qizil chiroqlarni almashinuv intervali tez sozlanuvchi svetofor yaratishga qaratilgan.

Xorijda ishlab chiqarilayotgan svetoforlarning narxi mamlakatimizga olib kelish xarajatlari bilan o`rtacha 1000 AQSh dollariga to`g`ri keladi. Respublikamizda esa svetoforlarga talab juda yuqori. Masalan, birgina umumta`lim maktablari uchun 10 mingdan ortiq bunday qurilmalarga ehtiyoj bor.  

Taklif etilayotgan import o`rnini bosuvchi mobil, fotoelektrik, avtonom svetoforni tayyorlanish tan narxi esa xorijda ishlab chiqarilgan svetofor narxiga nisbatan 55 foiz arzon. Uning ustiga, mamlakatga olib kirish xarajatlari ham yo`q.

Ma`lumot o`rnida aytish mumkinki, buyurtmachilarning talabi va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda svetoforning konstruksiyasi,funksiyasi, chiroqlarning yonish vaqtlari va intervallarini o`zgartirish yoki masofadan boshqarish tizimiga o`tkazish mumkin.

Ushbu  ko`chma svetofor quyosh panellari yordamida o`zini o`zi bemalol ta`minlay oladi.

Шарҳлар