my5
Sevimli

Prezidentga Axborot texnologiyalari sohasidagi ishlar taqdimot qilindi

Hi-tech 08.06.2020, 22:13
Prezidentga Axborot texnologiyalari sohasidagi ishlar taqdimot qilindi

Shu yil 28 aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi. Bugun, 8 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar ijrosi bo`yicha  taqdimot o`tkazildi.

Qayd etilishicha, “Bir million dasturchi” loyihasining dastlabki bosqichida 62 mingdan ziyod o`quvchi qamrab olinib, ularning 5 ming 400 nafariga malaka sertifikati berildi.

Joriy yil yakuniga qadar 100 mingta va 2021 yilning birinchi yarmida yana 150 mingta o`quvchini o`qitish, talabalarning dasturiy ta`minot bo`yicha malakasini oshirish vazifasi belgilandi. 5-sinfdan o`qitib kelinayotgan “Informatika” fanini zamonaviy texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish, ushbu fanga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yo`nalishlarni kiritish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

“Elektron o`qitish dasturi” orqali o`qib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xo`jalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish zarurligi ta`kidlandi. Ular tashkilotlarning barcha faoliyatini an`anaviy elektron formatdan raqamli ko`rinishga o`tkazishga mas`ul bo`ladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga barcha hududlarda raqamli texnologiyalar bo`yicha kamida 100 ta o`quv markazi ochish vazifasi qo`yildi. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yo`nalishlar bo`yicha qisqa muddatli o`quv kurslari tashkil etiladi.

Soha mutaxassislariga sharoit yaratish masalalariga ham e`tibor qaratilmoqda. O`tgan yili Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etilgan edi. Andijon va Marg`ilon shaharlarida mazkur IT parkning filiallari tashkil qilindi. Poytaxtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida yana bir filial binosi qurilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar Guliston, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida shunday filiallar tashkil etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda mutasaddilar mazkur IT parklar qurilishi, optik tolali liniyalar qamrovi, mobil internet tezligi va sifatini oshirish ishlari yuzasidan axborot berdi.

Шарҳлар