1

Ravshan Irmatov: Butun xalqimizning orzusi bo`lgan Olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritishni niyat qilmoqdamiz

Sport 02.04.2024, 18:14
Ravshan Irmatov: Butun xalqimizning orzusi bo`lgan Olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritishni niyat qilmoqdamiz

Parij mezbonligidagi XXXIII yozgi Olimpiya o`yinlariga sanoqli oylar qoldi. Osiyo qit`asidan futbol bo`yicha Olimpiya turniriga yo`llanma egalarini aprel-may oylaridagi U-23 Osiyo kubogi musobaqasi aniqlab beradi. Hal qiluvchi turnida O`zbekiston Olimpiya terma jamoasi ham ishtirok etadi. 

Bugun ushbu musobaqa oldidan O`FA rahbariyati hamda Olimpiya terma jamoam bosh murabbiyi Timur Kapadze ishtirokida matbuot anjumani o`tkaziladi.

Anjumanni O`FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Irmatov ochib berdi.

“Butun xalqimizning orzusi bo`lgan Olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritishni niyat qilmoqdamiz. 

Bu yo`lda ulkan harakatlar amalga oshirildi. Bu borada professional yondashuvga qo`l urilib, “Olimpik” klubi tashkil etildi. O`tgan 3 yil davomida Timur Kapadze boshchiligidagi murabbiylar qo`l ostida yosh futbolchilarga ishonch bildirildi. Mashg`ulotlar zamonaviy futbol imkoniyatlari asosida tahlil qilib borildi. Yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda etarlicha tajriba to`pladi.

Yoshlarga ishonch berilsa, qanday natijalarga erishish mumkinligini o`tgan musobaqalarda ko`rdik”, - deya ta`kidladi Irmatov.

 

“O`tgan uch yil davomida ancha o`sishga erishdik, ikkita yirik musobaqada ishtirok etdik. Ushbu turnirlarda ham, o`ylaymanki, munosib ishtirok etdik. Endilikda bizni muhim musobaqa kutib turibdi. Umid qilamanki, Qatardagi musobaqada hammamizning orzularimiz ushalib, Parij Olimpiadasiga yo`llanmani qo`lga kiritish nasib qilsin”, - deya qo`shimcha qildi O`zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze.

 

Shuningdek Ravshan Irmatov ayni dam chet el klublarida to`p so`rayogan va Olimpiya terma jamoasiga chaqirilgan futbolchilar haqida to`xtalib o`tdi. 

“Futbolchilarimiz katta klublarda to`p surmoqda. Ular klublarining asosiy futbolchisiga aylangan va bu biz uchun quvonarli, albatta. 

Biroq bu turnir biz uchun ham juda muhim. Futbolchilar uchun ham alohida ahamiyatga ega. Chunki futbolchi faoliyati davomida yig`inlarga jalb etilishi mumkin, lekin Olimpiada kabi nufuzli turnirda ishtirok etish, o`ylashimcha, bir bor nasib etadi xolos. 

Shu sababli ayni paytda klublar bilan har kuni aloqada bo`lib, muzokaralar o`tkazmoqdamiz. Hozirda 2 nafar futbolchimiz bo`yicha kelishuvga erishdik, 3 nafar futbolchimiz bo`yicha muzokaralar davom etmoqda.

Afsuski, ushbu turnir FIFA kunlarida o`tkazilmayapti. Har bir klub o`z chempionati, o`z o`yinlari haqida o`ylaydi. Biz ham buni tushungan holda, ularni hurmat qilishimiz kerak. 

Biroq ta`kidlaganimizdek, biz klublar bilan muzokaralarni davom ettiryapmiz va ularga tushuntirishga harakat qilyapmiz”, - dedi u.

 

Shuningdek jamoa bosh murabbiyi tayyorgarlik haqida gapirdi.

“Bizda har bir futbolchi tarkibga munosib. Biz bir futbolchiga ishonib qolmaymiz. Bu futbol. Kim 23 talik yakuniy ro`yxatga kirsa, o`sha tayyor bo`ladi. Biroq legionarlarimiz bilan biz yanada kuchliroqmiz. Chunki ular Milliy terma jamoamizda ham asosiy tarkib futbolchilari hisoblanadi.

Qatarga qarshi o`yin foydali bo`ldi. Guruh bosqichida ham oson o`yin yo`q. Raqiblarimiz ham o`sgan. Nasib bo`lsa, guruhdan albatta chiqamiz”, - dedi Timur Kapadze. 

Bundan tashqari Timur Kapadze jamoaning o`yinlar rejasi, darvozabonlar, vitaminizasiya va Parij Olimpiadasiga katta futbolchilarni jalb etish haqida gapirdi. 

“O`z uslubimiz, rejamiz bor. Lekin bu raqibga qarab ham o`zgarib boradi, albatta. Osiyo o`yinlarida ham raqiblarimizga qarab reja bo`yicha ishladik. 

Darvozabonlar masalasida kimga ko`proq ishonch berish borasida hali aniq qarorga kelmadik. Hali ham ishlayapmiz. Kim tayyor bo`lsa, o`zini yaxshi his qilsa, o`sha o`ynaydi. 

Intizom haqida keladigan bo`lsak, yigitlar bu turnirning darajasini tushunib turibdi. Umid qilamiz, bu borada muammo bo`lmaydi.

Vitaminizasiya borasida muammo yo`q. Tiklanish jarayoniga ham jiddiy qarayapmiz. Terma jamoalar bu masalaga alohida e`tibor qaratishadi. 

Milliy jamoada ham kuchli futbolchilar etarlicha. Bu rejamizda bor, kengaytirilgan tarkibda ularni ham jalb qilamiz. Avvalo, Olimpiada yo`llanmasini hal qilaylik, bu borada ham o`ylab ko`ramiz”, - dedi O`zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1