Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida 2024 yilda O`zbekistonda xotin-qizlarning boy salohiyatidan foydalanish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ular o`z imkoniyatlarini ro`yobga chiqarishida tajriba almashish maqsadida Osiyo xotin-qizlari forumini o`tkazishni taklif qilgan edi.
Shunga ko`ra, 2024 yilning 13-14 may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida birinchi Osiyo xotin-qizlari forumi o`tkaziladi. Bu haqda Xotin-qizlar qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Forumda Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a`zolari, hukumatlari a`zolari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayollar ishbilarmon doiralari vakillari, siyosatshunoslar, ijtimoiy faollar, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari ishtirok etadilar.
Forumdan ko`zlangan asosiy maqsad – mintaqada xotin-qizlarning imkoniyat va salohiyatini ro`yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish, hozirgi zamonda davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini mustahkamlash masalalarida tajriba almashish uchun o`ziga xos muloqot maydonini yaratishdan iborat.