1

O`zbekiston va Tojikiston prezidentlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdi

Siyosat 18.04.2024, 18:17
O`zbekiston va Tojikiston prezidentlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon oliy darajadagi muzokaralardan so`ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

O`zbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidenti va xalqiga har doimgidek iliq va samimiy qabul uchun dildan minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar do`stlik va ishonch muhitida o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlarini yuksak baholadilar.

- Yana bir bor ta`kidlayman, Tojikiston O`zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli, asrlar bilan sinalgan strategik sherikdir. Birodar o`zbek va tojik xalqlari ko`p asrlik do`stlik rishtalari bilan chambarchas bog`langan. Bizni umumiy tarix, madaniy va ma`naviy qadriyatlar, an`ana va urf-odatlar birlashtirib turadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga to`liq mos bo`lgan Ittifoqchilik munosabatlari to`g`risidagi shartnomaning imzolanishi ushbu tashrifning chinakam tarixiy natijasi bo`lgani qayd etildi:

- Bu qadam bilan O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi ko`p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirish bo`yicha ortga qaytmas yo`ldan yurishga qat`iy intilishimizni tasdiqladik. Ushbu muhim hujjat, hech mubolag`asiz, ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy davrni anglatadi.

Savdo va sanoat kooperasiyasini kengaytirish hamkorlikning ustuvor yo`nalishi etib belgilandi.

Keyingi yillarda bir necha o`n karra ko`paygan tovar ayirboshlash barqaror o`sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki mamlakat hukumatlari  oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan uchinchi mamlakatlardan importning o`rini faol to`ldirish orqali 2 milliard dollarga etkazish vazifasi qo`yildi.

Kuni kecha o`tgan biznes forumida salmoqli shartnomalar va bitimlar to`plami imzolangani ushbu maqsadga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Oybek-Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazini tashkil etish ishlarini jadallashtirish muhimligi ta`kidlandi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar chog`ida sanoat kooperasiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat bir-birini to`ldirib turgan an`anaviy tarmoqlarda yangi o`sish nuqtalari belgilanib olindi.

Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to`qimachilik, farmasevtika, agrosanoat va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo`shma loyihalar shular jumlasidan.

Bunday muhim loyihalarni qo`llab-quvvatlash uchun O`zbekiston-Tojikiston investisiya kompaniyasining salohiyatidan samarali foydalaniladi.

Suv-energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e`tibor qaratildi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Hamkorlikning yana bir strategik yo`nalishi – ikki mamlakat transport-tranzit salohiyatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish.

Yo`lovchi va yuklar tashish hajmini oshirish, zamonaviy chegaraoldi va bojxona infratuzilmasini yaratish bo`yicha qo`shma choralar ko`riladi.

Hududlararo hamkorlik salohiyatini faol ishga solish zarurligi qayd etildi.

Ko`rgazmalar, teatrlarning ijodiy safarlari, yoshlar va ta`lim forumlarini muntazam o`tkazish, sport dasturlarini amalga oshirish, turizm xizmatlarini kengaytirish orqali madaniy-gumanitar almashinuvni chuqurlashtirish masalalari muzokaralardan muhim o`rin egalladi.

Tomonlar ushbu tarixiy tashrif, uning samarali natijalari va imzolangan muhim hujjatlar ikki mamlakatning jadal taraqqiyotiga xizmat qilishi, birodar O`zbekiston va Tojikiston xalqlarining umumiy farovonligini ta`minlashiga ishonch bildirdilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1