1

Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi

Jamiyat 01.07.2024, 17:32
Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 iyul kuni Kuksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo`lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbariga O`zbekistonga kelish taklifi va ko`rsatilayotgan samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, davlatimiz rahbari A.Guterrishning respublikamizga bu galgi, ikkinchi tashrifi "O`zbekiston-2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotganining tasdig`i ekanini ta`kidladi.

Muzokaralar chog`ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash, O`zbekiston va BMT o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo`shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi.

Hamkorlikning jadal sur`ati va misli ko`rilmagan yuqori darajasi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

140 ta qo`shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarning o`zida O`zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi.

Yil boshidan buyon BMT Bosh kotibining beshta o`rinbosari O`zbekistonga tashrif buyurdi. O`tgan oyda mamlakatimiz Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma`muriy kengashiga saylandi. O`zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo`mitasi a`zosi bo`ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo`jaligini rivojlantirish bo`yicha xalqaro jamg`armaning vakolatxonasi ish boshladi.

Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag`allik va iqlim o`zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo`yicha tadbirlar o`tkazilmoqda. Kelgusi yilda Samarqandda YuNESKOning 43-bosh konferensiyasi bo`lib o`tadi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Davlatimiz rahbari Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda joriy yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini o`tkazish tashabbuslarini qat`iy qo`llab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqada transport jihatidan o`zaro bog`liqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini ta`minlash sohasida hamkorlik masalalari ko`rib chiqildi.

Afg`onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg`on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.

Uchrashuv yakunida 2026-2030 yillarda O`zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo`yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1