1

«Quduq» filmi Qozon xalqaro kinofestivalida qatnashadi

Shou-biznes 14.08.2015, 23:58
«Quduq» filmi Qozon xalqaro kinofestivalida qatnashadi

«O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan rejissyor Mansur Abduxoliqov tomonidan suratga olingan «Quduq» badiiy filmi 5-11 sentyabr kunlari XI marotaba tashkil etiladigan Qozon xalqaro kinofestivali (Tatariston, Rossiya) asosiy tanlov dasturiga kiritildi, deya xabar beradi "O`zbekkino" MA matbuot xizmati.

2015 yilgi Qozon xalqaro kinofestivali saralash komissiyasi tanlov uchun yuborilgan 700 dan ortiq kinoasarlar orasidan 25 mamlakatning 50 filmi (10 tadan to`liq metrajli, qisqa metrajli, to`liq metrajli hujjatli, qisqa metrajli hujjatli va animasion filmlar)ni tanlab oldi. E`tiborli tomoni, to`liq metrajli badiiy filmlarning asosiy tanlov dasturidan «Quduq» filmi ham o`rin olgan.

Bundan tashqari, Qirg`izistonning «Qurbonjon Dodxoh. Tog` malikasi» (Sodiq Sherniyoz), Turkiyaning «Baliq» (Darvesh Zaim), Rossiyaning «Rudolf Nuriev. Rudik» (Farid Davletshin), «Moskvaoboddan qochish» (Darya Poltoraskaya), Tojikistonning «Muallim» (Nosir Saidov), Iroqning «Kuldagi qiyofa» (Shohavon Idris), Eronning «Chegarasiz» (A.Asqariy), Hindistonning «Noma`lum nomlar» (d-r Biju), Bangladeshning «Chumoli hikoyasi» (M.Faruki) badiiy filmlari ham asosiy tanlov dasturiga kiritilgan.

2013 yili suratga olingan «Quduq» badiiy filmi voqealari sobiq Ittifoq davrida, dasht bag`ridagi qishloqda bo`lib o`tadi. Bosh qahramon Lallay bir umr qishloq ahliga quduq qazib berish bilan shug`ullanadi. U qilgan mehnati uchun hech kimdan hech narsa ta`ma qilmaydi, hayotining mazmunini odamlarga yaxshilik qilishda, ularning og`irini engil qilishda deb biladi.

Film bosh qahramoni quduq qazish jarayonida turli voqealarga guvoh bo`ladi, turfa tabiatli kishilar bilan muloqot qiladi. Hayotda ko`rgan-kechirganlarini umumlashtirib, o`zicha muayyan xulosalar chiqaradi. Filmda aktyorlardan Muhammadiso Abulhayirov, Lola Eltoeva, Abduxalil Mignorov,  Yulduz Hamidova, Farhod Xudoyberdiev, Sayfiddin Meliev kabilar suratga tushgan.

Ma`lumot uchun, «Quduq» filmi bungacha 2014 yili Rossiyaning Anapa shahrida tashkil etilgan XXIII «Kinoshok» kinofestivalining asosiy tanlov dasturida qatnashgan edi.

Qayd etish joiz, 2015 yil 20-24 iyun kunlari Filippin xalqaro kinofestivalida «Jahon premeralari» doirasida rejissyor A.Mignarovning «Ota» filmi namoyish etildi. Hozirgacha bir qator badiiy, hujjatli va multplikasion filmlarimiz, jumladan, «Quduq» filmi ham AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Avstraliya kabi 10 dan ortiq mamlakatlardagi xalqaro kinofestivallarning tashkiliy qo`mitalariga saralash bosqichi uchun yuborilgan va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1