Prezident Shavkat Mirziyoev jurnalist Bobomurod Abdullaevga Toshkent shahridagi turar joy majmualarining biridan barcha jihozlari va maishiy texnikalari bilan uch xonali kvartira hadya qildi. Bu haqda jurnalistning 18 oktyabr kuni Facebook’dagi sahifasida e`lon qilgan videolavhasiga asoslanib Daryo xabar bermoqda.
Videoxabarga ilova qilingan matnda, jumladan, shunday deyiladi:
«Shu yil 8 sentyabr kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev menga Toshkentdagi Green Park turar joy majmuasidan yangi uch xonali kvartirani ichidagi barcha jihoz va maishiy texnikasi bilan birga hadya qildilar.
Bu uyga 5 oktyabr kuni ko`chib o`tdik. Bugun Xorazmdan onam keldilar va Prezident hadya qilgan yangi uyni o`z ko`zlari bilan ko`rdilar. Alhamdulillah! Prezident Shavkat Mirziyoevga katta rahmat! Alloh u kishidan rozi bo`lsin!».
Jurnalist Bobomurod Abdullaev O`zbekiston so`roviga muvofiq 8 sentyabr kuni Qirg`izistonda hibsga olingan edi. Keyinroq, jurnalistning onasi Prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat qilgani inobatga olinib, u 22 avgust kuni munosib xulq-atvorda bo`lish to`g`risidagi tilxat bilan ozod qilingani ma`lum bo`ldi.
Jurnalistning onasi Prezidentga murojaatida o`g`lini afv etishni so`rarkan, uning «eski uyda og`ir, nochor ahvolda yashashi»ni aytgan. Bobomurod Abdullaevning aniqlik kiritishicha, onasi o`z murojaatida bu gaplarni Prezidentdan uy so`rab aytmagan; onaning o`zi 18 oktyabrda e`lon qilingan videomurojaatda Prezident uy hadya qilishini kutmaganini ta`kidlagan.