AsosiyJinoyat

"3 yildan 16 yilgacha". Shov-shuv bo`lgan Qo`qondagi "Shedevr" choyxonasida sodir etilgan jinoyat ishtirokchilariga sud hukmi o`qildi

'"3 yildan 16 yilgacha". Shov-shuv bo`lgan Qo`qondagi "Shedevr" choyxonasida sodir etilgan jinoyat ishtirokchilariga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Bir muddat avval, joriy yilning 6 fevral kuni soat 00:10 larda Qo`qon shahrida joylashgan choyxonada janjallashgan erkak bir necha kishini ov miltig`i bilan jarohatlagani haqida xabar bergan edik. 

Shundan so`ng, Farg`ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ushbu janjal sabalari ma`lum qilgan va sodir etilgan jinoyat ishi yuzasidan 37 nafar shaxs sud qilinayotgan edi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudi Qo`qon shahridagi “Shedevr” va Dang`ara tumanidagi “Marokash” nomli choyxonalarda sodir etilgan jinoyatlar va ular bilan bog`liq boshqa jinoyatlar bo`yicha ayblov hukmini chiqardi, deya xabar bermoqda O`zA.

Dastlabki tergov organi tomonidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan ayb e`lon qilingan jinoyat ishi sud majlisida qonunda belgilangan 4 oy ko`rildi.

Sudlanuvchilarning bir nafari suddan yashiringani uchun jinoyat ishining unga oid qismi alohida ish yurituviga ajratilib, ehtiyot chorasi qamoqqa almashtirilib, qidiruv e`lon qilingan edi.

Sud sudlanuvchilarning 1 nafarini bezorilik ruhida uchta odamni qasddan o`ldirishga suiqasd qilish, qonunga xilof ravishda qurol saqlash va bezorilik jinoyatlari sodir etgan deb, avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o`talmagan qismini qisman qo`shib 16 yil muddatga, o`q otar qurolini qonunga xilof ravishda o`tkazish jinoyatini sodir etgan 1 nafar shaxsga avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o`talmagan qismini qisman qo`shib 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

O`q otar qurolini qonunga xilof ravishda saqlash jinoyatini sodir etgan 1 nafar shaxsga avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o`talmagan qismini qisman qo`shib 4 yil 4 oy muddatga, muqaddam sudlangan va sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o`tash davrida bezorilik jinoyati sodir etgan 9 nafar shaxsga nisbatan avvalgi hukm bilan tayinlangan jazoning o`talmagan qismini qisman qo`shib 5 yil muddatga, bezorilik jinoyati sodir etishda faol ishtirok etgan 4 nafar shaxsga avval sudlanmagan bo`lsalarda 5 yil, 2 nafariga esa 4 yil muddatga, boshqalarning undovi bilan bezorilik jinoyati sodir etgan 18 nafar shaxsga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi va ularning 2 nafari sud zalidan qamoqqa olindi.

Hukm e`lon qilingandan so`ng raislik qiluvchi sudya hukm mazmuni, sudda keltirilgan ayrim vajlar bilan qo`shilmaslik sabablari, jazo tayinlashda e`tiborga olingan holatlar va hukmdan norozi taraflarning shikoyat qilish huquqlarini tushuntirdi.

–Tergov organi tomonidan yig`ilgan va himoya tomonidan sudga taqdim etilgan dalillar to`liq tekshirildi va ular ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchiligi nuqtai nazaridan baholandi. 

Sud ayblov hukmi chiqarish bilan birgalikda jinoyat sodir etilishiga sabab bo`lgan omillar va ularni bartaraf etish choralari hamda dastlabki tergov o`tkazishda yo`l qo`yilgan ayrim kamchiliklar borasida xususiy ajrim ham chiqardi, – deydi viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov.

    Boshqa yangiliklar