Bu haqida 3 mart kuni bo`lib o`tgan Prezident videoselektorida ma`lum qilindi, deya xabar qiladi Darakchi muxbiri.
2020-yilgi Andijon tajribasidan kelib chiqib, fuqarolarga yakka tartibdagi uylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kredit ajratish tizimi yo`lga qo`yiladi.
Bunda kredit bir yillik imtiyozli davr bilan 20 yilga ajratilib (o`rtacha 240 million so`m), ehtiyojmand aholi uchun foizning bir qismi subsidiya sifatida to`lab beriladi.
Bu tizim asosida kreditlar 2021-yilda har bir viloyatning kamida 500 tadan xonadoniga ajratiladi. Prezidentning ta`kidlashicha, viloyat hokimlari joylardagi ahvoldan kelib chiqib, qaysi tumanda qancha oilaga bunday kreditlarni ajratishni o`zlari hal qiladi.
Davlat rahbari bosh vazir o`rinbosari Jamshid Qo`chqorov va moliya vaziri Timur Ishmetovga yil yakuniga qadar respublika bo`yicha kamida 6,5 mingta xonadon uchun kreditga 1,5 trillion so`m resurs ajratish yuzasidan topshiriq berdi.
Biroz avval bu yildan boshlab ipoteka krediti bo`yicha moliyaviy resurslardan etishmovchilik va cheklovlar bo`lmasligi, bir kvadrat metr uy narxini 4 million so`mdan oshirmaslik, ipoteka kreditlari uchun imtiyozli davr va subsidiyalar berilishi haqida xabar bergan edik.