my5
Sevimli

30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Erkin minbar 30.07.2021, 16:32
Теглар: Odam savdosi
30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Xalqaro mehnat tashkilotining hisob kitoblariga ko`ra butun dunyoda 21 million kishi majburiy mehnatning jabrlanuvchilari hisoblanadi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo`yicha Pastdarg`om tuman sudi rais Xabibulla Chiniev o`z maqolasida keltirmoqda. 

Dunyodagi barcha mamlakatlar odam savdosidan jabrlanishadi. BMT ma`lumotlariga ko`ra, odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi.

Bugungi kunga kelib odam savdosining avj olishiga, ya`ni insonni qandaydir bir buyum sifatida, ta`bir joiz bo`lsa insonni oldi-sotdining ob`ekti sifatida foydalanilishi, ularning huquq va erkinliklarining poymol etilishiga quyidagilar sabab bo`lmoqda:

– odam savdosi kabi noqonuniy faoliyat turi bir yoki bir necha a`zolardan iborat guruhlarning serdaromad manbasiga aylanib borayotgani, ya`ni ularning hech qanday og`ir va mashaqqatli mehnatlarsiz mo`may daromad olishga urinayotganligi;

– odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning soddaligi, o`zining, yaqinlarining taqdiriga va kelajagiga befarqligi, loqaydligida. Ya`ni eng oliy ne`mat hisoblanmish erkin hayot tushunchasiga nisbatan engil va beparvolik bilan qarashlari oqibatida ushbu odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchilarning o`ljasiga, aniqrog`i, ularning oson daromad manbaiga aylanib qolmoqdalar;

– odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchi shaxslar o`zlarining tanishlari, yaqin qarindoshlariga nisbatan, ya`ni ularning ishonchiga kirib olib, ularning odam savdosini qurboniga aylanib qolishiga sababchi bo`layotganligida;

– odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning or-nomus qilib, ko`rgan xo`rliklari, ularga nisbatan ishlatilgan turli xildagi jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar haqida yohud o`zining noqonuniy ravishda chegarani buzib chiqib, chet davlatda hech qanday davlat ro`yxatidan o`tmasdan, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganligidan qo`rqib bular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmasligi.

Amaldagi jinoyat kodeksining 135 moddasiga ko`ra, Odam savdosi, ya`ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O`sha harakatlar:

a) o`g`irlash, zo`rlik ishlatish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo`llash orqali;

b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;

v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsga nisbatan;

g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo`lgan shaxsga nisbatan;

d) takroran yoki xavfli residivist tomonidan;

e) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

j) xizmat mavqeidan foydalangan holda;

z) jabrlanuvchini O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib o`tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda;

i) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo`ygan, yashirgan yoxud yo`q qilib yuborgan holda;

k) kishi a`zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko`chirish (transplantat) maqsadida sodir etilgan bo`lsa, —

besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O`sha harakatlar:

a) o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa;

b) jabrlanuvchining o`limiga yoki boshqa og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa;

v) o`ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa;

g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan bo`lsa, —

sakkiz yildan o`n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, odam o`g`rilash bilan bog`liq jinoyatlar og`ir og`ir jinoyat hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 245-moddasida nazarda tutilgan alomatlar mavjud bo`lmagani holda odam o`g`rilash — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O`sha harakat:

a) voyaga etmagan shaxsga nisbatan;

b) g`arazgo`ylik yoki boshqa past niyatlarda;

v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

g) takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa, –

besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O`sha harakat:

a) o`ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa;

b) og`ir oqibatlarga sabab bo`lsa, —

o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyusiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur harakatlar dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta`qib etish va barcha yo`nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha chora-tadbirlar ko`zda tutilgan.

Odam savdosidan jabrlangan yoki taxmin qilinayotgan voyaga etmaganlar ham dastlabki identifikasiya qilinadi va qayta yo`naltiriladi. Identifikasiya qilish jarayonida, “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi Qonunga asosan Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha idoralararo komissiya xabardor qilinadi. Komissiya vakili mutaxassis bilan hamkorlikda voyaga etmagan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun tarjimon, pedagog, psixolog va qonuniy vakilning ishtirokini ta`minlaydi.

Shu bilan birga, voyaga etmagan shaxs to`g`risidagi ma`lumotlar sir tutilishini ta`minlaydi hamda ekspluatasiya va zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qiladi. Voyaga etmagan shaxslar bilan suhbat bir xil jinsdagi mutaxassis tomonidan o`tkaziladi. Xorijdagi odam savdosidan jabrlangan yoki taxmin qilingan Voyaga etmagan shaxslar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 yanvardagi 6-son qaroriga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi tomonidan olib kelinadi. 3 yoshgacha bo`lgan bolalarni vatanga qaytarish masalasi Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Шарҳлар

Odam savdosidan jabrlangan voyaga etmagan shaxslar ham identifikasiya qilinadi

01.04.2021, 17:44

Odam savdosidan jabrlangan yoki taxmin qilinayotgan voyaga etmaganlar ham dastlabki identifikasiya qilinadi va qayta yo`naltiriladi.  Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Odam savdosi va noqonuniy migrasiyaga...
​Andijonda 2 yoshli farzandini 18 million so`mga Qirg`izistonga pullayotgan ayol qo`lga olindi

31.03.2017, 10:09

2017 yilning 17 fevral kuni Andijon viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida O`zbekiston Respublikasi fuqarosi 2 yoshli qizini...