O`zbekistonda xotin qizlarni zo`ravonlik va tazyiqning barcha shakllaridan ishonchli himoya qilish bo`yicha bir qator chora-tadbirlar olib borilayotgan bo`lsa-da, sud amaliyoti shuni ko`rsatmoqdaki, oilaviy nizolar negizida ayollarga nisbatan zo`ravonlik va tazyiq o`tkazish holatlari hanuzgacha uchramoqda va hatto ko`rsatkichi yildan yilga statistik jihatdan yuqorilab bormoqda. Bu haqda bugun, 26 oktyabr kuni Bosh prokuratura tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda o`tkazilgan “Yangi O`zbekistonda oilaviy zo`ravonlikni oldini olish va oilaviy zo`ravonlikdan jabr ko`rganlarga amaliy ko`mak berish: muammo va echimlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Oliy sud sudyasi Nodira Hakimova ma`lum qildi.
"Ayollarga nisbatan zo`ravonlik va tazyiq o`tkazish bilan bog`liq ko`rilgan Respublikadagi jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan joriy yilning hisobot davrida jami 2423 nafar shaxsga nisbatan 2.012 ta jinoyat ishlari ko`rilgan. Bunday jinoyatlarni sodir etganligi uchun shaxslarning sudlanish ko`rsatkichi viloyatlar kesimida tahlil qilindi. Zo`ravonlarning aksariyati Toshkent, Farg`ona, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida ekani ma`lum bo`ldi. Jabrlangan ayollar ham aynan shu hududlarda ko`pchilikni tashkil etdi. 2300 nafar jabrlangan ayollarning 353 nafari, ya`ni 15 foizi Toshkent viloyatida, 393 nafari, ya`ni 17 foizi Samarqand viloyatida, 225 nafari, ya`ni 10 foizi Toshkent shahrida yashab kelayotgani aniqlandi", - deya ma`lumot berdi Oliy sud sudyasi.
Tadbirda ta`kidlanishicha, mazkur ayollarning moddiy jihatdan mustaqilligi o`rganilganida, jabrlangan ayollarning 1976 nafari, ya`ni 86 foizi ishsiz ekani ma`lum bo`lgan.
"Demak, moddiy qiyinchilik oilaviy nizolarning sababi bo`lsa, erkaklarning ham ojiza yollarga qo`l ko`tarib, zo`ravonlik qilishiga omil bo`lishi mumkin",- deya qo`shimcha qildi Nodira Hakimova.