sevimli
Sevimli

28 yil deganda Qorabog`iga qaytgan qorabog`lik hikoyasi (foto)

Dunyo 29.11.2021, 07:56
28 yil deganda Qorabog`iga qaytgan qorabog`lik hikoyasi (foto)

Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markaziy tomonidan Ozarbayjon respublikasining bir nechta shaharlariga tashkil qilingan media turda biz ham qatnashdik. Bu shaharlar orasida o`tgan 2020 yili 10 noyabr kuni Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya o`rtasidagi bayonotning imzolanishi bilan Ozarbayjonga qaytarilgan Fuzuliy va Shusha shaharlari ham bor edi.

Boku shahridan 300 kmcha masofaga uzoqlashdik. Ozarbayjon rayonlari, u erdagi uylar arxitekturasi, yashash tarzi huddi o`zimizniki kabi – juda yaqin. Hech bir begonalik his qilmaydi odam. Kaspiy dengizi ortida bizga bunchalik yaqin hayot tarzi borligi kishini hayron qoldiradi. Nihoyat, Fuzuliy rayoniga etib keldik.

Odatiy hayot: gavjum aholi, bozorlar, do`konlar, maktablar, shifoxonalar... Ammo rayonning shimoliy-g`arbiy qismiga etib kelishimiz bilan hammasi birdan o`zgardi – harbiylar, kuchli nazorat, shlagbaum to`sig`i... Bilsak, 2020 yil 27 sentyabrdan 10 noyabrga qadar davom etgan 44 kunlik urush – 2-Qorabog` muhorabasi bo`lib o`tgan hududlar chegarasida ekanmiz.

Ma`lumot uchun: Fuzuliy rayoni shu kungacha ikkiga bo`lingan: 1993 yilning yozidan 2020 yilning kuzigacha uning shimoliy-g`arbiy qismi, jumladan, Fizuliy shahrining ma`muriy markazi ma`muriy-hududiy bo`linishiga ko`ra, tan olinmagan Tog`li Qorabog` Respublikasi nazoratida bo`lgan. Biz ko`rgan hayot odatdagidek davom etayotgan qismi esa 1994 yil yanvar oyida Horadiz operasiyasi davomida Ozarbayjon Qurolli Kuchlari tomonidan qaytarilgan.

Fuzuliyning Qoraxonbeyli qishlog`i – 2-Qorabog` muhorabasida ishg`oldan ozod etilgan 1-qishloq. Biz bilan hamroh bo`lib kelgan Ozarbayjon Fanlar akademiyasi dosenti Huseyn Huseynov ham asli mana shu Qoraxonbeyli qishlog`idan tug`ilib o`sgan ekan. 27 yillik ishg`ol sababli o`z qishlog`ini ko`ra olmagan Huseyn 28 yil o`tib, o`z uyini topdi. Lekin afsuski, tosh xarobalarni hisobga olmaganda,  qishloqdan asar ham qolmagan.

"15 yoshimda, ya`ni 8-sinfda Qorabog`dan Bakuga ketganmiz. Bu mening uyim bo`lgan. Bu kentimizning 2800 nafar aholisi bor edi. Ko`ryapman - u xotiralarimizdan hech narsa qolmabdi. Bolalagimizda atrof tekisliklarda chorva boqardik. O`ynardik, kulardik. Hozir esa hamma har tarafga tarqalib ketgan. Nasib etsa biz bu erlar qayta qurilgach emas, bu erlarni o`zimiz qayta qurish uchun kelamiz!" - deydi u.

"Nega ko`zingiz yoshlanmadi?"- degan savolimizga esa "Yig`lash davri o`tdi, sevinish davri keldi", deya javob qildi Huseyn. Lekin atrof hudud hali minalardan to`liq tozalanmagani uchun u o`z o`yiga yaqin bora olmadi. 

Ozarbayjon tomonidan “Zafar yo`li” deya ta`riflanib, yangidan bunyod etilgan yo`l Qorabog`ning madaniy poytaxti Shushaga qadar cho`zilgan. Masofa yaqin emas – 70 kmdan biroz uzoqroq. Yo`lda ketar ekanmiz, harob ahvoldagi ikki yon qishloqlarda birorta butun uyga ko`zimiz tushmadi. Bir necha kmgina orqadagi qaynoq va odatiy hayotdan asar ham qolmagandi. Bu holat Shushaga qadar davom etdi (bu haqda keyinroq). 

Fuzuliy Ozarbayjonga qaytarilgach, butun binolar yo`qligidan askarlarimiz bayroq qadashga bino topisholmadi”, - deydi Toshkentdagi Ozarbayjon madaniy markazi direktori Samir Abbosov.

Mavzuga oid:

Shu yilning 31 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklida o`tkazilgan norasmiy sammitidagi nutqida Tog`li Qorabog` masalasiga to`xtalib, “Bugungi fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliev va ozarbayjon xalqini, Tog`li Qorabog` hududini qaytarib, tarixiy adolatni tiklash yo`lidagi g`alabasi bilan yana bir bor tabriklayman.O`zbekiston Tog`li Qorabog` zaminidagi ko`hna obidalar, madaniyat va ma`rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo`shishga tayyor ekanini bildiramiz.”, — degan edi.

Sardorbek Rahmonqulov

Toshkent-Baku-Qorabog`-Toshkent

Шарҳлар