Bugun Xalq deputatlari O`rta Chirchiq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi deputatlarning tashabbusi bilan chaqirilgan holda o`tkazilgan.
Unda tuman Kengashining 30-“Uyshun” saylov okrugidan saylangan deputat Feruza Babashevaning deputatlik vakolatini muddatidan ilgari tugatish masalasi ko`rib chiqilgan.
Eslatib o`tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda deputat ayolning behayo tasvirlar aks etgan video tarqalgan edi.
Sessiya ishida Xalq deputatlari tuman Kengashi “Reglament va deputatlik odobi masalalari bo`yicha doimiy komissiya” raisi Dilorom Zulyorovaning axboroti eshitilgan.
Komissiya raisining axboroti va deputatlarning qo`shimcha taklif, fikr-mulohazalarini inobatga olib, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to`g`risida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan, Feruza Babashevaning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatish to`g`risidagi qarorni, sessiyada qatnashgan 24 nafar deputatdan 23 nafari yoqlab ovoz berishgan.
Shu tariqa sessiya ishida Feruza Babashevaning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan.