my5

Qo`rqmas botirlarni cho`chituvchi 8 jumla!

SUG'DIYONA 16.12.2016, 10:46
2252
Qo`rqmas botirlarni cho`chituvchi 8 jumla!
  1. «Meni yaxshi ko`rasizmi?» Shu uch so`zdan tashkil topgan bir og`iz jumlangiz sabab erkakning xayollari ming bir ko`chaga kirib chiqadi. Sizni sevadi, ammo buni so`rayotganingizning o`zi uni tashvishga soladi. «Nahot muhabbatimni his qilmasa?» deydi-da!
  2. «Gaplashib olishimiz kerak». «Nima qilib qo`ydim ekan tag`in?» Uning miyasiga shu kabi turfa savollar yog`ila boshlaydi. Oqibatda gap ochishga cho`chiydi. O`zini nima uchundir aybsiz aybdordek seza boshlaydi.
  3. «Qarang-chi? Menda nima o`zgarish yuz bergan?» Bu bilan uni cho`chitib yuborasiz, xolos. U sizdagi o`zgarishni topolmasa yoki noo`rin e`tirof etsa, tamom! «Menga e`tibor bermaysiz» deb uzundan-uzun eski qo`shiqni boshlab qolasiz-da!
  4. «Anchadan buyon bir narsa haqida o`ylab yurgandim». Rejalaringizdan bu tarzda ogoh etmang. Axir sizning xayolot dunyongiz kengligini biladi! «Yana nimani o`ylab topdiykan?» deb daqiqalar ichida tahlikaga tushib qolishi hech gapmas!
  5. «Endi nima bo`ladi?» Biror muammo yuz berganda, u kattami, kichik, hayratingizni bunday ifodalamang! Shundoq ham eringizning boshi qotib turgan bir vaqtda siz uning shubhalarini yanada kuchaytirasiz.
  6. «Qachon bir oila bo`lib yashaymiz?» Aslo, qizlarjonlar, bu savolni ko`ngil qo`yganingizga bera ko`rmang! Agar u savolning javobini bilganida allaqachon masalani hal qilgan bo`lardi. Bu bilan uni siquvga olasiz va tanlov qarshisiga qo`yasiz. Natijada sharoit va imkoniyatlarini hisobga olib, tuyg`ularidan voz kechib qo`ya qolishi hech gapmas!
  7. «Men hech narsani eshitishni istamayman!» Bu gapingiz yolg`onligini tan oling! Tezroq u masalaga oydinlik kiritishini xohlaysiz-ku! Yoringiz esa bu so`zingizdan cho`chib, jazavaga tushib qolishi mumkin.
  8. «Siz meni yaxshi bilmaysiz». Kinoya ohangidagi bu jumla jahl, qasd olish kabilarni anglatadi. Shuning uchun uni qo`qrqitmang-da, sizni yaxshi bilmaydigan eringiz uchun sirli xonimga aylaning!

Шарҳлар