— Mana uch yildirki, erimning xushtori borligidan aziyat chekaman. U kishi yoshgina kotiba qizni sevib qolganligini menga tap tortmay aytgan. Ammo chorasizman. Erim bilan ajrashay, desam ikkita bolam bor. Hech joyda o`qimaganman, qo`limda biror hunarim ham yo`q. U bilan ajrashgan taqdirimda ham o`zimni o`zim eplolmayman, qaytanga bolalarimning qiynalgani qoladi. Ota-onamga ham yuk bo`lgim kelmaydi. Dardimni aytadigan, maslahat beradigan kishim yo`q. Nima qilay, menga qanday maslahat berasiz?
Salomat, 26 yosh, Toshkent shahri
“Darakchi” gazetasi tahririyatiga kelgan mazkur xat egasiga psixolog Go`zal Ro`zmatova javob beradi:
— Xat mazmunidan ko`rinib turibdiki, ayol og`ir ahvolda, ya`ni jabrlanuvchi pozisiyasida. Xiyonatning o`zi og`ir, buning ustiga eringiz xushtori borligini ochiqchasiga aytgani sizga va oilasiga bo`lgan hurmatsizligidir. Boz ustiga siz chorasizsiz, eringizga iqtisodiy qaramsiz. Bu o`zingizga bo`lgan bahoning pastligi hamdir. Bu holat esa yanada achinarlidir. Unutmangki, baxt manbai qalb halovatida va qadr-qimmatdadir. Sizga birinchi galda, o`zingizga bo`lgan ishonchni tiklashni, o`zingizni hurmat qilishingizni maslahat beraman va buni psixologlar bilan birga amalga oshirishni tavsiya qilaman. Chunki o`zini qadrlagan insonnigina boshqalar ham qadriga etadi. Shuningdek, hunar o`rganishni erta-kechi yo`q. Biror hunar o`rganib, o`zingizni ta`minlay ola biling. Shundan so`nggina turmush o`rtog`ingizni oilaga qaytarish haqida o`ylasangiz bo`ladi.