— Hozirda ota-onam, akam va kelinoyim bilan birga yashayman. Akam uylangan zahoti kelinoyim bilan alohida uyda yashay boshlagandi. Farzandli bo`lib, ishi o`zgargani bois yana qaytib uyimizga ko`chib kelishdi. Lekin kelinoyim bilan hech chiqisha olmayapman. Bir necha marta undan nolib onamga aytganim uchun, o`rtaga biroz sovuqchilik ham tushdi. U ham menga ochilmaydi. Ikkalamiz bir xonada qolsak, deyarli gaplashmaymiz. Bo`lmasa, u bilan yoshimiz teng, muchalimiz ham bir. Lekin negadir qiziqishlarimiz, fe`limiz umuman to`g`ri kelmaydi. Albatta, u bilan til topishishni xohlayman, biroq qanday qilib, bilmayman...
Bonu, 25 yosh, Qarshi shahri
“Darakchi” gazetasiga kelgan mazkur maktub egasiga psixolog Go`zal Ro`zmatova javob beradi:
— Kelinoyingiz bilan til topishishni istashingizni o`zi tahsinga loyiq. Garchi yoshingiz bir bo`lsa-da, qarashlaringiz orasida farq bo`lishi tabiiy. Chunki sizlarning mavqelaringiz har xil. Siz qiz bola, u esa kelin. Muhimi, sizlar endi qarindosh, bir oilaning a`zosisizlar. O`rtadagi iliq munosabatlar avvalo, qabul qilishdan boshlanadi. Ya`ni siz kelinoyingizni oilangiz a`zosi bo`lganini qabul qilishingiz kerak. U endi sizga qarindosh va unga hurmat nazari bilan qarashingiz kerak. Har bir insonning o`ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari bo`ladi. Siz e`tiboringizni qay biriga qaratishingizdan munosabatlar kelib chiqadi. Agar siz kelinoyingiz bilan yaqinlashish, do`stlashish niyatida bo`lsangiz, albatta uning yaxshi jihatlariga e`tibor qarating. Agar uning kamchiliklariga e`tibor beraversangiz, munosabatlar iliqlashmaydi.