AsosiySUG'DIYONA

​«O`zgargim kelyapti! Yordam bering!»

'​«O`zgargim kelyapti! Yordam bering!»'ning rasmi

Bahor yangilanish mavsumi, deyishadi. Haqiqatan bahor kelishi bilan atrofdagi hamma narsa o`zgara boshlaydi, deya o`y-xayollarga kirishdimu o`zimda «Men ham o`zgarishni istayman!» degan shijoatni sezdim. Ammo hayotda o`zgarish yasash unchalik ham oson erishiladigan maqsad bo`lmagani bois buni qanday amalga oshirish borasida bosh qotira boshladim. O`zgarishni istagan har bir inson shu savolni o`ziga bersa kerak: «Nimadan boshlay?»

Nimadan boshlay?

Ishim, uyim, oilam, farzandlarim… hammasi yaxshi. Biroq hammasi shu qadar odatiy bo`lib ketganki, bunday hollarda «to`qlikka sho`xlik qilma», deyishadi. Demak, o`zimni va hayotga qarashlarimni o`zgartirishim va hayotdan zavqlanib yashashni o`rganishim lozim.

Lab bo`yog`ini o`zgartiring!

Azizbek AXROROV, ruhshunos: — Vaqti-vaqti bilan kishi o`z hayotiga o`zgartirish kiritishni, yangilanishni istab qoladi. Chunki inson zerikuvchan, bir tekisda kechgan hayot uni ba`zan zeriktirib qo`yadi. Agar o`zingizda o`zgarish istagini his qilgan bo`lsangiz, ruµshunos sifatida eng avvalo ishni lab bo`yog`ini o`zgartirishdan boshlang, degan bo`lardim.

Birinchi qiladigan ishingiz — sartaroshxonaga yo`l oling: soch turmagingizni o`zgartiring. Keyin esa kiyim do`koniga boring: kiyinish uslubingizga yangilik kiriting. Yorqin ranglardan qo`rqmang.

Xobbi toping!

Har birimizning o`z qiziqishlarimiz va sevimli mashg`ulotlarimiz bor. Albatta biror mashg`ulot bilan shug`ullanishni odat qiling. Bu to`qish, kitob o`qish, til o`rganish, sport bilan shug`ullanish, xullas, o`z qiziqishingizdan kelib chiqqan mashg`ulot bo`lishi kerak. Agar bunday mashg`ulotlar bilan shug`ullanaman deyuvchilar sirasiga kirsangiz, demak, bu mashg`ulotingizga yangilik kiritishingiz zarur. Asosiysi, kundalik odatlaringiz va odatiy fikrlash tarzingizga o`zgartirish kiritish. Ko`pdan beri orzu qilgan ishingizni amalga oshiring.

Katta orzular sari

Oyna qarshisida turib, o`zingizdan nima istayotganingizni so`rang. Sizga g`alati tuyulishi mumkin, ammo bu ustingizdan kulish emas, balki ruµshunoslik uslubi. So`ng savolingizga javob bering. Masalan, shaxsiy avtomobilingiz bo`lishini istaysiz. O`tiring-da, bu orzungizni yozing. Keyin mashinangizni boshqarganda nimalar his qilishingizni qayd eting. Endi esa daftarning boshqa sahifasini oching-da, o`z mashinangizga ega bo`lish uchun nimalar qilishingizning ro`yxatini tuzing. Yozganlaringizni har kuni hech bo`lmaganda bir marta o`qing va unga erishish uchun ham harakat qiling. Orzuingiz sizga qanchalik uzoq va etishib bo`lmasday tuyulmasin, har qanday katta maqsadlarga kichik qadamlar bilan erishilishini yoddan chiqarmang.

Ammo maqsadim sari intilish uchun kuch qayda?

Yana sizga oyna yordamchi bo`ladi. O`zingizga savol bering: nima sababdan bu maqsadga erishmoqchisiz?

O`ylab ko`rib, bu savolga javob bering: piyoda yurmaslik uchun.

Savol: Nima sababdan o`zgarishni istayapsiz?

O`zingizga haqqoniy javob bering: zerikarli hayotimga o`zgartirish kiritish, uni yorqinlashtirish uchun.

Bu savol-javob bilan miyangiz sizga nima kerakligi, nimani o`zgartirish istagida ekanligingizni tushunadi.

To`siqlarni engish...

Maqsad bor, harakatga ham tushish arafasidasiz-u, ammo sizga nimalardir halal bermoqda. Orzungizni unutmang, to`siqlarga engilishga ham shoshilmang. Balki o`tirib, bu ko`rinmas va ko`rinarli to`siqlarni qayd eting. Masalan, o`z biznesingizni ochmoqchisiz, ammo farzandlaringiz hali kichkina. Daftaringizning bir sahifasiga to`siqlarni yozib chiqing: ish, bolalarim, erim…

Mana shu nuqtada sizni vijdoningiz qiynay boshlaydi. Qo`rqmang, bu ularga xiyonat qilish emas. Yoki ular sizning hayotingizga halal beruvchi omillar, demoqchi ham emasmiz.

Daftarning keyingi sahifasiga esa nima sababli ular halal berishini yozing: bolalarim kichikligi sababli ular mening parvarishimga muhtoj.

Endi vaziyatga echim toping: farzandlarimni bog`chaga berishim mumkin yoki buvijonlaridan yordam so`rashim mumkin. Ya`ni siz orzungiz yo`lida nimalar to`siq bo`layotganini tilga olish bilan muammoga echim topdingiz. Ko`rib turganingizdek, bu kimdir hayotimga halal berayapti, deyish emas, balki holatga echim izlash. Endi esa olg`a!

O`zgarishni istayman deyishning o`zi kam!

Hayotingizda nimadir o`zgartirmoqchi bo`lsangiz, avvalo buni o`zingizdan boshlang, deyiladi kitoblarda. Lekin o`zgarishni istayman, degan gap bilangina cheklanib qolmang. Fikrlash doirangizni kengaytiring, hayotga pozitiv boqing. «Qarishni istamayman», «Semiz bo`lishni istamayman» degan qora o`ylarning yo`nalishini «Men yosh va navqironman», «Uyim juda chiroyli», «Chiroyli qomatim bor» deya yaxshi tomonga o`zgartiring. «Ertaga qilaman», degan so`zni unuting! Orzuingiz sari intilishda baribir hech narsaga erisha olmayman, degan yo`nalishdan qoching. Siz albatta omadga erishasiz!

Tabassum qilishni o`rganing!

Siz go`zalsiz, tabassum esa sizni yanada go`zallashtiradi. Hamma narsani tabassum bilan kutib oling, bu yaqinlaringiz va atrofingizdagi odamlarga ham yuqsin.

Kiyimlar

Bu mavsumda zumrad, yashil, qizil va limon ranglar urf bo`lmoqda. Kiyimlaringizning hammasini boshdan-oyoq o`zgartirishning iloji bo`lmasa-da, bir necha mavsumda rusum bo`lgan rangli kiyimlar bilan boyiting.

Kosmetik vositalar

Kosmetikangizni ko`zdan kechiring. Odatiy qaysi ranglarni ishlatishingizga diqqat qiling. Do`konga otlanganingizda bu odatiy ranglardan boshqacha ranglar tanlang. Bu yilgi pardoz urflarining asosiy qoidasi: asosiy e`tibor lablarga qaratilgan, yorqin qizil rangli lab bo`yog`i, ko`zlarga esa biroz qalam tekizilsa, bas. Qoshlar borasida esa so`nggi yillarda qalin qoshlar urfga kirib kelmoqda.

Soch

O`zgarishni istagan bo`lsangiz, hech o`ylanmasdan sartaroshxonaga yo`l oling! Bu yil urfga kirgan soch rangi — shokolad rang.

Bu mavsum 70-yillarning soch turmaklari va go`zal shaklda o`rilgan sochlar urfga kirmoqda.

Siz go`zal ayolsiz!

Go`zallik sari ham intilish lozim. O`zingizni seving va buni o`zingizga izhor qiling. Qanday qilib deysizmi? Har kuni o`zingizga ham vaqt ajrating. Go`zallik va o`zgarish faqatgina yorqin rangli kiyimlar bilan bo`lmaydi. O`zingizga bo`lgan munosabatingizni o`zgartiring. Tirnoqlaringiz uzun va so`nggi urfdagi rangga bo`yalmagan bo`lsa-da, toza, parvarishlangan bo`lishi kerak. Buning uchun katta mahorat kerak emas va uy sharoitida ham amalga oshirish mumkin. Vaziyatdan chiqishning yo`li: bir-ikki marta manikyur qildirgani go`zallik saloniga boring va manikyurchi ustaning harakatlarini kuzating. Kerakli qaychi va pilkalarni sotib olib, haftada bir kun yarim soat vaqtingizni ajratib, qo`l va tirnoqlaringizni parvarishlang. Qo`lingiz kelishmayotganiga e`tibor qilmang, 2-3 marta manikyur qilganingizdan so`ng mahoratingiz oshib borayotganini o`zingiz ham sezasiz. Haftada ikki marotaba yuzingizga va bir marotaba sochingizga parvarishlovchi va mustahkamlovchi niqob qilishga odatlaning.

Maqola sizda ham o`zgarish hissini uyg`otgan bo`lsa, qolgan harakatlarni o`zingizga havola qilamiz. Asosiysi, orzu qilish va orzular sari intilishdan, yaqinlaringizga mehr ko`rsatib, hayotdan zavq olib yashashdan zerikmang va charchamang.

Madina ZARIF

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar