Birovning bolasini kelin qilgach, oyoqni uzatib keksalik, yo`g`-ey, nimalar deyapman, hayot gashtini suraman deb turganingda har xil gap-so`zlar, g`idi-bidilar chiqmasa-da! Xudoga shukrki, bizning oilada unday bo`lmadi. Sababi o`g`limning hayoti mening hayotim emasligini unutmadim va quyidagi o`n besh amalni qo`llagan holda oilamdagi tinchligu barqarorlikni saqlab qoldim…
1. Xomxayollarga berilmadim. Ko`plab dugonalarim kelinlari ularni yaxshi ko`rmasligidan nolishardi. Men esa xayron bo`laman: axir, qanaqasiga umuman begona odamni (qaynona bo`lsa ham yangi kelin uchun hali begona-da) birdaniga yaxshi ko`rib qolish mumkin? Hurmat qilishi, hayiqishi, hatto qo`rqishini tushunsa bo`ladi, ammo yaxshi ko`rib qolishi uchun vaqt kerak. Shuning uchun kelinim ilk kunlardanoq meni yaxshi ko`rishini talab qilmadim.
2. Kelinim meni «oyijon» deb chaqirishini istamadim. O`zi qaysi kelin birinchi bo`lib o`ylab topgan buni? Biz qaynonamizni shunchaki «oyi» derdik, xuddi o`z onamizni chaqirgandek. Mehrimiz tovlanganda yoki biron narsa so`ramoqchi bo`lganimizdagina «oyijon»ni ishlatardik. Hozirgi kelinlar qaynona ko`ziga tik qarab gap qaytarib turganda ham «oyijon»laydi. Go`yoki bu qaynonalarning laqabi.
3. O`g`limning e`tiborini kelinim bilan talashib raqobatlashmadim. Avvalo, men oilaning qirolichasiman, qirolichalarning esa raqibi bo`lmaydi. Ikkinchidan, o`g`limga, uning irodasi, aqli va tadbirkorligiga ishonaman: u hech qachon meni o`ksitmaydi, oilasini ham himoya qila oladi. Uchinchidan, kelin bilan talashishdan qiziqroq ishlar ham bor dunyoda.
4. Kelinimni qizim deyman. Bu bachkana gap emas. Shunchaki, uyimda begona yursa, o`zimni noqulay his qilaman. Shu sababli kelinni o`zimniki qilib ola qolganman.
5. Yosh oilaning ishiga bo`lar-bo`lmasga burun suqavermayman. Kelin necha kunda onasinikiga borishi kerak, necha pul oylik oladi, shundan qanchasini yashirib qo`yadi — bunday narsalar ustida bosh qotirishni yoqtirmayman. Men bolalarimni voyaga etkazib bo`ldim. Aravalarini o`zlari tortishsin.
6. O`g`lim avvalgidek yarim kechagacha men bilan suhbatlashib o`tirishi yoki ertalab ishga ketayotib yangi bo`yinbog`i yarashganmi-yo`qmi, so`rashini talab qilmayman. Endi u mendan tashqari yana bir ayolning ko`nglini olishi, turmushini tinch-totuv qilishi kerak. Bolamni qiynab nima qilaman?
7. O`zlari so`ramasalar, hech qachon maslahat bermayman, nasihat o`qimayman. So`raganlarida ham, «o`tlamay», kosa tagida nimkosa gaplarni, kesatig`u iddaolarni qo`shmay, faqat gapning indallosini aytaman.
8. Agar taklif qilmasalar, nonushta yoki kechki ovqatni birga emayman. Er-xotin shunday paytda gaplashmasa, qachon gaplashadi. Oshga tushgan pashshadek ularning tepasida bo`zrayib o`tirishga balo bormi?
9. Kelinimni hech kimga yomonlamayman. Boshqalar yaxshi qilib berarmidi?! Qo`lidan kelsa, o`zining kelinini tarbiyalab olsin. Hammasining ahvoli ma`lum-ku. Kerak bo`lsa, o`zim yo`lga solib olaman. Shirin gap bilan hamma marralarni egallasa bo`ladi.
10. O`g`limning oilasida biron muammo chiqsa, bir chetda sannab o`tirgandan ko`ra amaliy yordam ko`rsatishga kirishaman. Ertalab paypog`i, dastro`moli yoki ko`ylagi yuvilmagani uchun kelinimni urishayotgan o`g`limga bisotimdan yangi paypoq, dastro`mol yoki ohorli ko`ylak chiqarib beraman. Ham o`g`limning menga mehri ortadi, ham kelinimning. Asosiysi, janjalning oldi olinadi.
11. Er-xotinning o`rtasiga esi ketgan tusharkan. Mabodo yoshlarning orasida gap qochsa, yo televizorning ovozini ko`tarib, eshitmaganga oldim yoki qo`shnimnikiga «elakka chiqib ketdim».
12. O`g`lim bilan kelinimning o`rtasida gap tashimadim. Hech qachon o`g`limdan eshitgan gapni kelinimga, kelinimdan eshitganimni o`g`limga aytmadim. Hozirgacha meni o`zlariga yaqin sirdosh deb bilishadi.
13. Ikki yoshni o`zaro yaqinlashtirish yo`llarini izladim. Turmushning ilk oylarida ular bir-biridan norozi bo`lib, menga dardlarini dasturxon qilishganda, «seniki ma`qul» deb oxirigacha eshitdim. Keyin o`g`limga ayollarning ko`nglini olish, tilini topish yo`llarini, kelinimga esa o`g`limning nozik tomonlarini «shipshitib», ikkisini bir-biriga yaqinlashtirdim.
14. Eng birinchi navbatda asablarim va sog`lig`imni o`ylayman. Xudoga shukr, O`zi etkazib turibdi. Pishirgan ovqati yoqmasa, tezgina bir nima tayyorlab olaman. Kirimni mashina yuvsa, uyimni changyutgich tozalasa. Kelin o`zini, oilasini eplab o`tirsa bo`ldi.
15. So`nggi gap: nevaralik bo`lganimda, beshta bola katta qilganman deb har narsaga burnimni suqavermadim. U zamonlar boshqa edi, hozir boshqa. Birpas beshigini tebratib o`tirishim mumkin, ammo nega hadeb shifokorga olib boryapti, necha pullik doridan ichiryapti degan xayollar bilan boshimni og`ritmayman. Bola uchun nima yaxshiligini ular bilishadi.
Shahnoza SOATOVA