42

SURONLARDA SINALGAN MA`SUMA ONA

Rekord 20.12.2017, 16:49
6588
SURONLARDA SINALGAN  MA`SUMA ONA

Kechasini alam va ko`z yosh bilan eslasa-da, bugungi dorulomon kunlarga etganidan dilida va tilida shukronalik...

1933 yilning qishi sovuq va befayz keldi. O`sha mash`um kunlarning birida 16 yoshga to`lgan Ma`sumaning ko`z oldida uzun shinel kiygan soldatlar yarim tunda eshiklarni buzib kirdilar, to`g`ri omborxona va otxona tomon chopdilar: yil bo`yi qilingan og`ir mehnat mahsuli bo`lmish qop-qop bug`doy, arpa, sholi, piyoz va boshqa mahsulotlarni katta aravalarga yukladilar. Ayollar, yosh bolalar nima bo`layotganini tushunmay, vahimaga tushib yig`lay boshlashdi. Shunda xonadon sohibi 45 yoshdagi Abdusamadhoji o`g`li Abdulazizhoji “Nima bo`lyapti o`zi? Sizlar kimsiz?­ Nega bizni tunda xonavayron qilyapsizlar?” deganini biladi, birdaniga ko`ksiga miltiq qo`ndog`i bilan berilgan zarbdan erga quladi. Yosh va erkatoy Ma`suma va oila a`zolari ko`z o`ngida butun el hurmat qiladigan mahalla raisi Inoyat oqsoqolning sevimli nabirasi — Abdulazizhoji erparchin bo`lib yotardi...

Qorong`u sovuq tundayoq ochiq yuk mashinasida bor-yo`g`ini tashlab, qo`lga ilinganini olib, Toshkent viloyatining Ko`kterak mavzesidan poytaxt tomon yo`l olindi. Qadimgi Xasti Imomda, shundoq gavjum bozor biqinidagi uzun berkko`chalardan biridagi uzoq qarindosh Nurmuhammadning uyi qochoqlarga boshpana bo`ldi. Sal o`tib yoshgina Ma`suma ana shu xonadonga kelin qilib berildi.

Tarixning achchiq va alamli kunlarini boshdan kechirgan, taqdir sinovlari sabab ancha tez ulg`aygan va uzoq muddatli og`ir mehnatda suyagi qotgan o`sha qizaloq bugun hurmatli va nuroniy onaxon. Yaqindagina, to`g`rirog`i 20 yanvar kuni poytaxtimizdagi Xasti Imom mahallasida istiqomat qilayotgan Ma`suma Azizova muborak 100 yoshga kirdilar. Onaxon kechasini alam va ko`z yosh bilan eslasa-da, bugungi dorulomon kunlarga etganidan dilida va tilida shukronalik. Shu bilan birga farzandlari, qarindosh-urug`lar va boshqa yo`qlab kelgan borki, barchaga o`sha og`ir sharoitdagi turmush tarzi, ayollarning mehnatda qavargan qo`llari-yu, bolalarning och-nahorligi haqida so`zlab berib, bugungi to`kin-sochin kunlar qadrini takrorlashdan charchamaydi.

Jajji elkadagi zalvorli yuk

Mo``tabar Nurmuhamedova, Ma`suma onaning qizlari:

— Otamiz Mirsolih Nurmuhamedovga turmushga chiqqanlarida onam atigi 16 yoshda bo`lgan va ro`zg`orning zalvorli yuki uning jajji elkasiga tushgan. Keyinchalik ketma-ket biz farzandlar — ikki o`g`il va besh qiz dunyoga kelganmiz. Shuncha bola bilan ham kolxoz erida ishlash, ham ro`zg`or ishiga ulgurish, buning ustiga bolalarning qornini to`ydirish o`zi mushkul bo`lgan deb, xotirlaydi onam. Otam va onam o`qimagan bo`lishsa-da, 7 nafar farzandining barchasini oliy ma`lumotli qilishgan. Hozir onamizning etti farzandidan 22 nevara, 50 nafar evara va 7 chevaralari bor.

Onamiz og`ir sharoit, notinch zamonni ko`rmagan bugungi zamon farzandlariga o`tkan kunlarni tinmay gapirib beradilar, o`tmishdan xulosa chiqarish, bugunga shukr qilishni ta`kidlaydilar.

Ayni paytda yurtimiz aholisi 32121,1 ming kishidan iborat bo`lib, shundan 8700 tasi 100 yoshdan oshganlarni tashkil etadi. Biz ham yaqindagina ana shu safga qo`shilgan Ma`suma onaning uzoq umr ko`rish sirlariga qiziqdik.

80 yoshgacha Ham Qarilikka yon bermaganlar

— Onamning tabarruk yoshlarga etishlarining asosiy sababi bu — mehnat. Biz ularni hamisha nimadir ish bilan band, tinib-tinchimas holatda ko`rardik. Bir muddat ham bo`sh o`tirmasdilar. Uy, ro`zg`or, dalada ishlashdan ortib, chevarchilik ham qilardi: kelinlar uchun ko`rpa, yostiq va sarpolar tikardi. Xullas, onam 80 yoshdan oshib qarilikni bo`ynilariga oldilar.

Uzoq umr ko`rishlarining yana bir sababi onam hamisha ovqatlanish tartibiga rioya qilgan. Yoshlik paytlarida etishmovchilikdan kam eyishga majbur bo`lgandirlar, ammo bugungi to`kinchilik davrida ham oz-ozdan mahsulotlarni saralab tanovul qiladilar. Ularning ovqatlanish rasionida yog`li, go`shtli va ishlov berilgan mahsulotlar umuman yo`q. Bizga “Har qanday vaziyatda ham inson nafsini tiya bilishi kerak”, deb ko`p takrorlaydilar.

Комментарии