42

​Voz kechilganlar – ular kim?

SUG'DIYONA 20.11.2018, 14:23
8762
​Voz kechilganlar – ular kim?

Psixologiyada shunday tushuncha bor: voz kechilganlar, keraksizlar. Voz kechilganlik dasturi kishi ongostiga yozilib qoladi va keyinchalik turli muammolarga sabab bo`lishi mumkin. Shu o`rinda savol tug`iladi: keraksizlar – ular kim? Bu toifaga kiruvchilar quyidagilardir:

  • Abortdan qaytgan bolalar. Ona qandaydir sabab bilan homilani oldirish fikridan qaytadi va uni majburan dunyoga keltiradi. Aniqroq aytganda, istalmagan homiladorlik.
  • Ota – ona istagan jinsda tug`ilmagan farzandlar. Misol uchun, oilada o`g`il kutilgan-u, qiz tug`ilgan yoki buning aksi. Bu tug`ilajak homilaga «Biz o`g`il kutgan edik, bizga qiz kerak emas» mazmunida ta`sir ko`rsatadi.
  • Tashlandiq bolalar. Mehribonlik uyiga tashlab ketilgan murg`aklar.
  • Xiyonatni kechira olmaganlar. Ya`ni, otasi yoki onasi boshqa turmush qilgan yoxud vafot etganida bola buni o`ziga nisbatan xiyonat, voz kechish deb tushunadi. Uning ongostida «Otam (onam) meni tashlab ketdi, men unga kerak emasman» ma`nosidagi dastur shakllanadi.

Voz kechilganlar, keraksizlar dasturining bola hayotiga ta`siri va uni tuzatish usullari haqida «GIZA» psixologik markazi rahbari – Nargiz SATTOROVA so`zlab beradi.

Hayotiy misol

Bir–biriga ko`ngil qo`ygan yigit va qiz turmush qurishdi. Ko`p o`tmay, oilada o`g`il farzand dunyoga keldi. Ammo baxt nashidasi uzoq hukm surmadi. Bolakay bir yarim yoshga to`lganida ota–ona ajrashdi. Erkak boshqa ayolga ko`ngil qo`ygani va hayotini yangitdan boshlamoqchi ekanini aytib, poytaxtga yo`l oldi. Ayol farzandi bilan yolg`iz qoldi.

Vaqt o`tib, ayol turmush qurdi. Yana o`g`il- qizli bo`ldi. To`ng`ichi ulg`ayib, poytaxtda ishlashni xohladi. Taqdir taqozosi bilan u otasining kasbiga yaqin sohani tanladi. Ona qarshilik ko`rsatmadi. Mustaqil hayotga qadam qo`ygan yigit qiyinchilik bilan oyoqqa turdi, ishga joylashdi, uyli-joyli, mashinali bo`ldi. Va hayotda o`z o`rnini topgach uylandi. Rafiqasi unga o`g`il tug`ib berdi. Farzandi bir yarim yoshga to`lganida er–xotin arzimagan sabablar tufayli ajrashishdi. Yigit ayolini viloyatga olib borib qo`ydi. O`zi esa poytaxtga qaytdi. U hayotini yangitdan boshlashga qaror qilgandi.

Anglaganingizdek, o`g`il beixtiyor otasining hayotini takrorladi. Shu o`rinda savol tug`iladi: o`gay ota qo`lida katta bo`lgan, qiyinchilik ko`rgan yigit nega boshidan kechirganlarini o`z farzandiga ravo ko`rdi? Javob bitta: bolaligida uning ongostiga voz kechilganlik dasturi yozilib qolgan. Bunday kishilarda quyidagi tushuncha shakllanadi: «Mendan voz kechishdi, men ham voz kechaman». Shu bois, u ongsiz ravishda otasi qilgan ishni takrorlaydi.

Bola kattalarning o`zaro muammosi, munosabatlari, oilada er–xotin vazifalarini hali anglab etmagan bo`ladi. Ota yo ona oiladan ketdimi, bolaning ongostida «Men yomonman, shuning uchun meni tashlab ketishdi»mazmunida ma`lumot yoziladi. Mana shu alamzadalik, qoralash hissi keyinchalik bolaning o`zi ham ayni vaziyatga tushib qolishiga sabab bo`ladi. Bilasiz, biror nimadan qattiq norozi bo`linganida o`sha narsa kishi hayotiga kirib keladi.

Otasini yomonlamang!

Turmushi bo`lmagan ayrim ayollar hissiyotlarini nazorat qila olishmaydi. «Otangni deb shu ko`yga tushdim», «O`shani deb azoblanyapman»... kabi noroziliklar bolada otasiga nisbatan nafratnikuchaytiradi.

Voz kechilgan bolalarda keyinchalik yana bir holat kuzatilishi mumkin: ular o`zlarini vayron qilishga moyil bo`lishadi. Buning ildizi bolalikda, ong shakllanayotganda yozilib qolgan tushunchalarga borib taqaladi. «Men yomonman» mazmunidagi axborot keyinchalik «Men yaxshi hayotga noloyiqman»tarzida ishlay boshlaydi. Bu esa ichkilikka berilish, yomonlarga aralashib qolish, zararli odatlarga ruju qo`yish kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Hammasi teskari

Voz kechilganlik «dasturi» shakllanayotganda bola har qanday ishning teskarisini bajaradi. Bolaga yugurma, deyilsa, yuguradi, gap qaytarma, deyilsa, aksini qiladi, urishma, deyilsa battar janjal chiqaradi. «Men baribir yomonman, axir, mendan voz kechishgan» mazmunidagi signallar bilan ruhiyatiga ta`sir ko`rsatadi. U o`zini boshqara olmaydi.

Chorasi bor

Voz kechilganlik holati turli darajalarda bo`lishi mumkin. Bunday kishilar bilan ishlashda muammo darajasi aniqlanib, psixolog, psixoterapevt yordamida kuchli mashqlar bajariladi. Mashg`ulotlar davomida voz kechilganlik hissi boshqasiga o`zgartiriladi.

Hech qachon farzandingizga quyidagi so`zlarni ayta ko`rmang: «Seni tug`moqchi emasdim», «Oldirib tashlaganim yaxshi edi», «Bemavrid tug`ilgansan». Bular insonni baxtsizlik hissini tuyishga olib keladi.

Nima bo`lishidan qat`i nazar, bolaga otasini yomonlamang. Bola uchun ota–ona mavzusi o`ta og`riqli sanaladi va bu ertami–kechmi, hayotiga ta`sir ko`rsatmay qolmaydi. «Ishqilib otang qilgan ishni qilmagin-da», «Otangga o`xshamay ket» deya bolaga qancha ko`p gapirilsa, u shunchalik otasiga o`xshab boraveradi. Unutmang, nimadan norozi, alamzada bo`lsangiz, beixtiyor uni hayotingizga chorlab qolasiz va bolangizga ham shuni o`rgatasiz.

O`zingizni kechiring

Bordi-yu, farzandingizga uning otasini qoralab qo`ygan bo`lsangiz, bolangiz qaysar, tajang bo`lib borayotgan bo`lsa, to`xtang! Eng avvalo, o`zingizni kechiring. O`tmishingizdan rozi bo`ling. Xayolan sobiq turmush o`rtog`ingizni kechiring va qo`yib yuboring. Ana shunda farzandingiz ham o`zgaradi. Alam, dard, nafrat, birinchi turmush og`riqlari saqlanib qolsa, ular bolaning yurish-turishi, fe`li va ulg`aygach ham hayotida aks etaveradi. Bu nimadan dalolat? Olam, koinot farzandingiz orqali sizga dars bermoqda: kechir va qo`yib yubor!

Dildora YuSUFBEKOVA

Комментарии