Долзарб мавзулар Foto

​Koreys tuzi – shifomi yo zarar?

Бўлимлар: SUG'DIYONA
Теглар:
Добавлено: 17.12.2018, 16:37

Ko`pchilik pazanda bekalar turli salat va gazaklar xushta`m bo`lishi uchun koreys tuzidan foydalanishadi. Koreys tuzi taomga o`zgacha maza kiritishi rost. Ammo bizga biroz notanish bu mahsulot, uning tarkibi va xususiyatlari haqida nimalarni bilamiz? Ayni savolga javob topishga harakat qildik.

Biz koreys tuzi, deb ataydigan rangsiz mayda kristallsimon kukun, aslida, xitoy oshxonasiga taalluqli. Xitoyliklar uni oddiy tuz bilan bir qatorda deyarli barcha toamlarga qo`shishadi. Xitoy taomlari aynan shu tuz tufayli o`tkir ta`m va hidga ega.

Tarkibi tuz emas?!

Umuman olganda, bu kukunni tuz deyish qiyin. Tarkibiga ko`ra, u glutomat natriy nomli aminokislotalar to`plamidan iborat. Ushbu modda ta`m va hidni o`tkirlashtirish xususiyatiga ega. Uning tabiiysi barcha meva- sabzavotlar, toza va sifatli go`sht, baliq mahsulotlarida uchraydi, ammo tez parchalanib ketadi. Xuddi shu modda tufayli yangi uzilgan meva-sabzavotlarning mazasi va ifori o`zgacha bo`ladi.

Hozirgi kunda glutomat natriyni sun`iy yo`l bilan etishtirish yo`lga qo`yilgan. Bunda shakarqamish yoki qand lavlagidan foydalaniladi. Va kukun holidagi glutomat natriyni biz koreys tuzi sifatida bilamiz.

Vazifasi nima?

Sun`iy yo`l bilan olingan glutomat natriy ta`mni o`tkirlashtirish va mahsulot tarkibini saqlay olish xususiyatlari bilan oziq-ovqat sanoatida allaqachon o`z o`rnini topgan. Undan mahsulotlarning salbiy xususiyatini berkitib, ta`mi va hidini o`tkirlashtirish, uzoq vaqt saqlashda foydalaniladi. Glutomat natriy ozuqaviy qo`shimcha va konservant hisoblanadi. Shu sabab dudlangan go`sht, kolbasa, sosiska va konserva mahsulotlari o`zining yoqimli ta`mi va hidini yo`qotmaydi. Glutomat natriy E621 ko`rinishida raqamlangan bo`lib, mahsulot tarkibi ko`rsatilgan yorliqda ozuqaviy qo`shimcha sifatida ro`yxatga kiritiladi.

Organizmga ta`siri qanday?

Koreys tuzi tilning ta`m bilish reseptorlariga bevosita ta`sir ko`rsatib, ta`m farqlay olish xususiyatini oshiradi. Ammo muntazam qabul qilinganda o`rganib qolish holatini keltirib chiqarishi ham bor gap. Ya`ni, har safar organizm shu moddani yanada ko`proq talab qila boshlaydi. Fast-fud va yarimtayyor mahsulotlar kishini o`ziga tortishi bejiz emas. Uzoq vaqt davomida koreys tuzini iste`mol qilganlar uchun oddiy taomlar yoqimsiz va bemaza tuyila boshlashi ham shundan.

Bundan tashqari, koreys tuzi davomli ravishda iste`mol qilinganda asab tizimiga salbiy ta`sir ko`rsatishi, hazm organlarining shilliq qavatini yallig`lantirishi, oshqozon yarasiga sabab bo`lishi, gormonal o`zgarishlarga olib kelishi mumkin. Natijada ortiqcha vazn muammosi, ko`rish qobiliyatining pasayishi, qandli diabet yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Me`yorni biling!

Har narsa o`z me`yorida foydali. Xitoyliklar glutomat natriyni kundalik hayotda ko`p ishlatishsa-da, biz undan oddiy tuz kabi foydalana olmaymiz. Chunki xitoyliklar organizmida ushbu moddaga nisbatan ko`nikma hosil bo`lgan, biz uchun esa u yot unsur. Tayyor salat yoki taomga 5-6 ta glutomat natriy kristallchalari kifoya. Undan ortig`i zararga ishlashini unutmang. Aslida, uyda tayyorlanadigan taomlar uchun oddiy tuzdan foydalanish eng maqbul echim. Binobarin, glutomat natriy ozuqaviy qo`shimcha sifatida juda ko`p mahsulotlar tarkibida mavjud.

Arzonidan ehtiyot bo`ling

Afsuski, ba`zi ishlab chiqaruvchilar arzon va sifatsiz mahsulotlarni xaridorgir qilish maqsadida glutomat natriydan me`yordan ortiq foydalanishadi. Ularni iste`mol qilish yuqorida sanab o`tilgan salbiy oqibatlar, bundan tashqari, ortiqcha vazn va allergik kasalliklarga olib kelishi, surunkali xastaliklarni avj oldirishi mumkin. Glutomat natriy ko`p ishlatiladigan mahsulotlar ro`yxati bilan tanishing:

  • kolbasa va sosiska;
  • yarimtayyor go`sht mahsulotlari;
  • kartoshka chipsi;
  • qadoqdagi qotirilgan non bo`laklari;
  • tayyor souslar;
  • ketchup va mayonez.

Kimlarga taqiqlangan?

Yosh bolalar, homilador ayollar, keksalar, surunkali xastaligi bor kishilar koreys tuzi va yuqorida sanalgan mahsulotlarni juda ham kam iste`mol qilishlari kerak.

Ilmira Fayzullaeva

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

SUG'DIYONA