Ташкент +4° Wed 01:14
Долзарб мавзулар Foto

​Go`shtdan zaharlanmay desangiz...

Бўлимлар: SUG'DIYONA
Теглар:
Добавлено: 17.02.2019, 20:59

O`zbek taomlarini go`shtsiz tasavvur etib bo`lmaydi. Ayni vaqtda go`sht borasida ehtiyotkor bo`lish kerakligini ko`pchilik biladi. Shu sabab uni yaxshilab pishirishga harakat qilinadi. Hatto oshxona-yu restoranlarda ham «Go`shti yaxshi pishganmikan», deb so`rash biz uchun odatiy holga aylangan.

Xo`sh, bu hadiklarimiz asoslimi? Yaxshi pishmagan go`sht nimasi bilan xavfli? Bu borada Toshkent shahar 5-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi infeksionisti, oliy toifali shifokor, Soyibjon Soliev tavsiyalarini havola etamiz.

Ehtiyot bo`ling infeksiya!

Sifatsiz yoki yaxshi pishmagan go`sht ichak tayoqchasi sababli kelib chiqadigan infeksiyaga yo`l ochadi. Bu infeksiya yirik shoxli mol, echki yoki qo`y ichagida yashaydi, shuningdek, odamlarda ham. Ular shartli-patogen bakteriya hisoblanadi, ya`ni ma`lum bir sharoitdagina zararli ta`siri namoyon bo`ladi. Bordi-yu, infeksiyaga sabab bo`ladigan mikrob mol so`yilganda ichakdan go`shtga tushgan bo`lsa va bu go`sht kerakli sharoitda saqlanmasa, noto`g`ri pishirilsa, bakteriya odam organizmiga kirib oladi. Natijada ichak xastaliklari boshlanadi. Ich ketishi, ba`zan axlatning qon aralash kelishi, qorinning kuchli og`rishi, tana haroratining ko`tarilishi va ko`ngil aynib, qayt qilish yuzaga kelishi mumkin. Bunday ichak tayoqchalari, ayniqsa, bolalar uchun xavflidir.

Bu infeksiyalar ko`pincha mol go`shti va qiymasi, sut mahsulotlarida bo`lgani uchun ularni pishirmay tatib ko`rish mumkin emas. Masalan, ba`zilar qiymaning tuzini bilish uchun eb ko`rishadi yoki sutni xomligicha ichish odati bor. Mana shunday paytda infeksiya kishi organizmga o`tib oladi.

Kuchsizlarni tanlovchi bakteriya

Listeriya bakteriyasi tashqi muhitda ko`p bo`lib, suv va erdan makon topgan. Ayniqsa, jonivorlar o`tlaydigan erlarda, ya`ni ularning axlati bo`lgan joylarda ko`p bo`ladi. Bu bakteriya jonivorning o`ziga zarar qilmaydi, ammo go`shti va sutini zararlantiradi. Zararlangan mahsulotlar pishirilganda listeriya halok bo`ladi. Ammo pishirish va saqlanish texnologiyasi buzilgan bo`lsa, undan zararlanish ehtimoli ortadi.

Infeksiya yuqqanda, odamning ko`ngli aynib, ichi ketadi, mushaklari og`riydi, ba`zan asab tizimida ham salbiy o`zgarishlar ro`y berishi mumkin. Shu sababli bosh og`rig`i, tirishish alomatlar kuzatiladi.

Hayot uchun xavfli

Salmonellyoz ko`pincha noto`g`ri pishirilgan va uzoq saqlangan go`shtli taomda uchraydi. U odamga yuqqach, kuchli ich ketishi, umumiy ahvolning yomonlashishi, qaltirash, qayt qilish, hushni yo`qotish, alaxsirash kabi belgilar boshlanadi. Bunday vaziyatlarda tibbiy yordam zarur. Zaharlanganlikning ilk alomatlari sifatsiz go`sht eyilgandan keyin 12 soatdan 2-3 sutkagacha bo`lgan vaqtda seziladi.

Oldini olish yo`llari

Go`shtni ishonchli do`kondan xarid qilish va yaxshilab pishirish kerak. Shuningdek, yaxshi pishmagan go`shtni iste`mol qilmaslik zarur. Buning uchun go`sht sifati va pishirilishiga e`tiborli bo`lish kerak.

Qancha vaqt saqlash mumkin?

Yirik mol (qora mol, qo`y) go`shtini muzlatilgan holatda 4 oydan bir yilgacha saqlash mumkin.

Parranda go`shti sifatini tez yo`qotadi. Uni muzxonada 1 yilgacha saqlash mumkin. Lekin 8-9 oyda mahsulot ta`mi o`zgaradi. Bo`lingan parranda go`shtini muzxonada 8 oygacha saqlashingiz mumkin.

Qiymani muzxonada saqlash borasida aniq muddat belgilanmagan. Chunki bu mahsulot tez aynib qoladi. U yaxshi muzlagan holda 4 oy sifatini yo`qotmaydi.

Sovitgichda esa go`shtni 2 sutkadan oshiq saqlamagan ma`qul.

Chiroq o`chib qolsa...

Bordi-yu, elektr toki 2-3 soatga o`chgan bo`lsa, go`shtga ziyon etmaydi. Negaki, harorat juda ham isib ulgurmaydi. Agar bir sutka davomida chiroq bo`lmasa, go`shtni olib, ustini sirka yoki limon kislotasi bilan artib, harorati 20 darajadan oshmaydigan joyga qo`ying. Shu holatda go`shtni 10 soatgacha saqlash mumkin.

Saqlanish vaqtidan o`tib ketgan muzlatilgan go`shtni ishlatish niyatida bo`lsangiz, uni 2 soatdan ortiq vaqt davomida qaynatish lozim. Shunda ham go`shtning saqlanish muddati ko`p o`tmagan bo`lishi kerak. Aks holda, go`sht yaroqsiz hisoblanadi.

Taxtakach alohida bo`lsin!

Go`sht uchun, albatta, alohida taxtakach ajrating. Negaki, taxtani qancha yuvmang, uning orasiga go`sht qoldig`i kirib qolib, chiqmasligi, bakteriyalar paydo bo`lishi tabiiy. Agar unda salatlar uchun sabzavotlar, non yoki pishirilmay eydigan boshqa mahsulotlarni kessangiz, mikroblar ular orqali organizmga tushib oladi. Shu sabab, har ehtimolga qarshi go`sht-taxta alohida bo`lgani ma`qul.

Kamola Sharofzoda tayyorladi.

Google+
WhatsApp
VK
Telegram

Комментарии

Shou-biznes

SUG'DIYONA