Insoniyat koronavirus infeksiyasi bilan yonma-yon yashashga ko`nikdi. Endi bu kasallik odamlarda avvalgidek kuchli vahima va xavotir uyg`otmay qo`ygani ham rost. Ammo bu xotirjamlik ortidan insoniyat ehtiyotkorlikni unutayotgani tashvishlanarli.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vakili Melita Vuynovichning ta`kidlashicha, dunyo aholisi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar olishdan bosh tortayotgani yoki buni paysalga solayotgani sog`liqni saqlash sohasidagi strategik vazifalar ijrosiga putur etkazadi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar bermoqda.
Masalan, emlanmagan aholi qatlami ko`payishi bilan qizamiq va poliomielitga chalinganlar soni ortmoqda. Vaholanki, avvallari bu kasalliklarga sayyoramizning ba`zi mintaqa va davlatlarida butunlay barham berilgan edi.
JSST eksperti fikricha, ommaviy emlash chora-tadbirlari natijasida Er yuzida yiliga 3 millionga yaqin o`lim holatlarining oldini olish mumkin.
Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo bo`yicha 25 million nafardan ortiq bolalar difteriya, qoqshol va ko`k yo`talga qarshi rejali vaksinasiya jarayonlarini o`tkazib yuborgan. Bu borada Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida ahvol ancha xavotirli.
Vaholanki, JSST kelgusida noma`lum — "X” xastaligi tarqalishi xavfidan ogohlantirgan edi. Olimlar xulosasiga ko`ra, yana bir pandemiya boshlanishi ehtimoli yuqori. Bunga esa o`z vaqtida oldi olinmagan mavjud virus va infeksiyalarning yangi mutasiyalari sabab bo`lishi mumkin.