1

Ulug`bek qatliga ko`nmagan qozi

Moziydan sado 22.01.2024, 23:01
Ulug`bek qatliga ko`nmagan qozi

Islom qonunchiligi tarixida o`ziga yuklatilgan mas`uliyatni har doim chuqur his etgan, halol, diyonatli qozilar ko`p o`tgan. Ulardan biri Mirzo Ulug`bek davrida yashab o`tgan Qozi Burhoniddin Miskin edi.

Qozi Miskin fiqh va qonunchilik masalalariga bag`ishlangan “Sharhi kasr” asari bizgacha etib kelgan bo`lib, u Buxoroda Sadr Ziyoning kutubxonasida saqlangan. Qozi Miskinning o`g`li Mavlono Muhammad Qozi ham otasining ishini davom ettirib, uzoq muddatdan Buxoro qozisi lavozimida ishlagan, “Silsilatul-orifin” hamda “Hukmdorga o`gitlar” risolalarini bitgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, kunlarning birida Mirzo Ulug`bek Qozi Miskinni huzuriga chaqirib, uni sinab ko`rmoqchi bo`ladi va bir noqonuniy masala bo`yicha hukm chiqarishni so`raydi. “Sulton, bu ish shariati islomiyaga zid va unga men rozilik berolmayman” deb javob beradi qozi. “Agar men sizdan shu ishga rozilik berishni talab qilsam-chi?” so`raydi Ulug`bek. “Ehtimol sovuq qahratonda ustimdan muzdek sovuq suv quysangiz, bu azobdan qutulish uchun majburan muhr bosarman, ammo bu ishingiz baribir shariatga to`g`ri kelmaydi” deydi ta`zim bilan. Shunda Ulug`bek “Barakalloh, men sizni sinamoqchi edim, aslida men ham bunday noqonuniy ishga rozi emasman” deya qoziga tahsinlar o`qiydi.

Tarixiy manbalarda Ulug`bekning o`zi hukmronligi davrida qozilar ishini shaxsan nazorat qilib turgan, ko`plab masalalarni hal qilishda o`zi ham ishtirok etgan.

Har qanday saltanatda ota va o`g`illar, aka-ukalar o`rtasidagi adovatdan ustalik bilan foydalanishga uringan guruhlar bo`lgan. Mirzo Ulug`bek saltanati ham bundan mosuvo emasdi. Tarixiy hujjatlarga ko`ra, Mirzo Ulug`bek aholining kam ta`minlangan qatlamlariga alohida e`tibor qaratib, savdogarlar, katta er egalari, beklar va amaldorlar uchun soliq miqdorlarini oshirgan. Xususan, mo`g`ullar davridagi tamg`a solig`ini qaytadan joriy qilgan.

Xullas, Ulug`bekdan norozi tomonlar Ulug`bekning katta o`g`li, Balx hokimi  Abdullatif huzuriga kelib, uni otasiga qarshi gijgijlashadi. Abdullatif ularning fitnasiga uchib, otasiga qarshi urush e`lon qiladi. Ulug`bek 1448 yilda unga qarshi  Balx tomon katta qo`shin bilan yo`lga chiqadi. Ammo, Amudaryoning ikki sohilida ota va o`g`il bir-biriga qarshi yurishga jur`at qilmay ortga chekinadi. Mirzo Ulug`bek ko`chmanchi o`zbeklar hujumini bartaraf etish uchun shaharni tark etgan paytida Abdullatif sotqin beklar yordamida Samarqandni egallaydi. Poytaxtga qaytgan Ulug`bek qo`lga olinadi va  taxtdan voz kechishga majbur qilinadi, keyin esa ulamolar fatvosi bilan hajga yuboriladi.

1449 yil 27 oktyabr kuni kechqurun Darg`am bo`yidagi bir qishloqda hamrohlari bilan tunamoqchi bo`lgan Mirzo Ulug`bek ortidan yuborilgan navkarlar etib keladi. Ular buyuk alloma va hukmdorni  o`g`lining roziligi bilan ulamolar tasdiqlagan o`lim fatvosiga binoan shohni qatl etishadi.

Aslida bu fatvo shar`iy kuchga ega emas, unga birgina Qozi Miskin muhr bosmagandi. U shohning o`limiga tish-tirnog`i bilan qarshi chiqadi. Shunday bo`lsa-da, Ulug`bek qozining roziligisiz, xoinona o`ldiriladi. Qozining itoatsizligi ham javobsiz qolmaydi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, Mirzo Ulug`bekning o`limidan so`ng uni ham zaharlab o`ldirishadi.

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1