O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ–135-son qaroriga muvofiq Toshkent shahridan Qamchiq dovoni orqali Farg`ona vodiysi viloyatlariga mikroavtobus qatnovi tashkil etiladi. Bu haqda ransport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Shu maqsadda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 dekabrdagi 738-son qaroriga muvofiq shaharlararo-viloyatlararo yo`nalishlar bo`yicha navbatdagi ochiq tender tanlovlari 2024 yilning 1 may sanasida bo`lib o`tadi.
Tenderga qo`yilgan lotlar:
YT – 1150-sonli Toshkent sh. – Namangan sh. ikki tomondan
YT – 1151-sonli Toshkent sh. – Farg`ona sh. ikki tomondan
YT – 1153-sonli Toshkent sh. – Andijon sh. ikki tomondan
Ushbu yo`nalishda qatnovlarni amalga oshirishda quyidagi talablar mavjud:
Qamchiq dovoni orqali yo`lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari o`n to`rttagacha o`rindiqqa ega bo`lgan M2 toifadagi transport vositalariga;
- bunda faqat 1 apreldan 1 noyabrga qadar bo`lgan davrda kunduzi;
- ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan va gaz ballon uskunalari o`rnatilmagan;
- sekinlashtiruvchi uskunasi (tog` tormozi) mavjud bo`lgan;
- harakatni kuzatish navigasiya qurilmasi va taxograf o`rnatilgan transport vositalarida kamida 7 yil staji bor haydovchilarga avtomobil transportida yo`lovchilarni tashish faoliyati uchun lisenziya mavjud bo`lgan taqdirda qatnovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Tenderga joylashtirilgan yo`nalishlar haqida batafsil ma`lumotlarga ega bo`lish hamda tenderda qatnashish uchun takliflarni taqdim etish jarayonlari e-tender.uztrans.uz veb-sayti orqali amalga oshiriladi.