Kinematografiya agentligi Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov CNCning audiovizual hamkorlik masalalari bo`yicha attashe Emmanuel Fosiyon bilan uchrashuv o`tkazdi. Unda Kann festivali doirasida hamkorlik memorandumini imzolash bo`yicha kelishuvga erishildi.
14-25 may kunlari o`tkaziladigan 77-Kann kinofestivali doirasida O`zbekiston delegasiyasi o`z pavilionini ochadi. Kinematografiya agentligi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi ushbu pavilion ochilishida ishtirok etadi.
Festival doirasida Fransiya milliy kinematografiya va animasiya markazi hamda Kinematografiya agentligi o`rtasida hamkorlik bo`yicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilgan. Kinematografiya agentligi va Fransiya Milliy Kino va animasiya markazi vakillarining so`nggi 76-Kann kinofestivalida bo`lib o`tgan muzokaralari chog`ida paydo bo`lgan kelishuv loyihasi g`oyasi bu yilgi kinofestivalda amalga oshiriladi. Memorandum 18 may kuni CNC pavilionida imzolanadi.
Shuningdek, Kann kinofestivalida 3 nafar o`zbek rejissyori o`zining yangi loyihalari bilan CNC tomonidan o`tkazilayotgan pitchingda O`zbekiston nomidan ishtirok etadi.