1

Mahallalarda aholi daromadini oshirish bo`yicha amaliy seminarlar tashkil etilmoqda

Jamiyat 27.04.2024, 16:10
Mahallalarda aholi daromadini oshirish bo`yicha amaliy seminarlar tashkil etilmoqda

Davlat rahbari topshirig`iga asosan Prezident maslahatchisi o`rinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyati Shofirkon tumani mahallalarida aholi bandligini ta`minlash va daromadini oshirish bo`yicha amaliy seminarlar tashkil etmoqda.

Xususan, bunday ochiq muloqotlar tumanning  “Talisafed”, “Guliston”, “Temirchi”, “Boboato” kabi mahallalarda sektor rahbarlari, jamoat faollari, ilg`or tadbirkorlar hamda ishsiz aholi vakillari jalb qilingan holda tashkil etildi.

Seminar ishtirokchilariga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joylarda “Sayxunobod” va “Uychi” tajribalari asosida aholi daromadini oshirish, yangi ish o`rinlarini yaratish, tadbirkorlik bilan shug`ullanish, tomorqadan unumli foydalanish kabi yo`nalishlarda olib borilayotgan keng ko`lamli ishlar borasida batafsil ma`lumot berib o`tildi.

Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar o`z bilim va malakalari bilan o`rtoqlashib, qo`shimcha daromad topish mumkin bo`lgan faoliyat turlari borasida batafsil to`xtalib o`tishdi. Jumladan,  “LIVADIYA-BUKHARA” MChJ tomonidan taqdim qilinayotgan mevalarni quritish dastgohlari yordamida 20 dan ziyod hildagi quruq meva mahsulotlarini tayyorlash, tomorqalarda bozorbop mahsulotlar etishtirish yoki har bir xonadonda qo`ziqorin hosilini olish mumkinligi ishtirokchilarga aniq misollar bilan ko`rsatib berildi.

Seminar doirasida ishtirokchilar “Temirchi” mahallasining Boylar qishlog`ida yashovchi Mardon Hamroev xonadonida bo`lib, uning erishgan natijalari bilan yaqindan tanishdilar. U tomorqadan samarali foydalanish borasida etarli tajriba to`plagan dehqonlardan hisoblanadi. Mardon aka dehqonchilik va chorvachilikni ham yo`lga qo`yib, ro`zg`orining ta`minotidan tashqari yaxshigina daromad olishga erishib kelmoqda.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Talija qishlog`idagi hunarmandchilik tarmog`ida uzoq yillardan buyon mehnat faoliyatini yuritayotgan chevar kashtado`z Muhabbat Qo`chqorova xonadoniga ham borishdi. Kashtado`z ayolning ko`p sonli shogirdlari qatorida bugun xorijdan mehnat migrasiyasidan qaytgan xotin-qizlarga hunar sirlari o`rgatib kelinmoqda. Xonadon bekasi bilan muloqotda yuzdan ortiq shogirdiga ega bo`lgan mohir kashtado`z faoliyatini yanada kengaytirish orqali yangi ish o`rinlarini yaratish, ba`zi nochor oilalarga daromad manbaini yaratishga doir taklif va tavsiyalar berildi.

Bu borada ba`zi ma`lumotlarga nazar solsak, ayni kunda viloyat miqyosida migrasiyadan qaytgan xotin-qizlar soni 1415 nafarni tashkil etayotgan bo`lib, birgina Shofirkon tumanida bu ko`rsatkich 63 nafarni tashkil etmoqda. Hozirda chekka tumanning Bog`iafzal, Pashmon, Chuqurak, Hovlipoyon, Jo`yrabod, Savrak kabi qishloqlarida ham xorijda ishlab qaytgan ayollar kasanachilik asosida buyurtmalarni uyida tikib, tayyorlab, mehnatiga yarasha foyda olmoqda.

Ochiq muloqotlar davomida tikuvchilik, qishloq jo`jaligi va boshqa yo`nalishlarda o`z tadbirkorligini yo`lga qo`ymoqchi bo`lgan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi 10 dan ortiq fuqarolarning istak va talablariga ko`ra Xalq qabulxonasi ko`magida ularga kerakli asbob-uskunalar va maxsus texnika vositalari etkazib berildi.

Shuningdek, hududdagi tajribali hunarmandlar va tadbirkorlarning taklifiga ko`ra yana 20 nafar fuqaro ular bilan kasanachilik asosida tikuvchilik, kashtachilik, qo`g`irchoqlar yasash va tovuqchilik yo`nalishlarida hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1