1

Shavkat Mirziyoev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O`zbekiston yoshlariga tabrik yo`lladi

Jamiyat 30.06.2024, 18:05
Shavkat Mirziyoev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O`zbekiston yoshlariga tabrik yo`lladi

Shavkat Mirziyoev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O`zbekiston yoshlariga tabrik yo`lladi.


Tabrik avvalida davlat rahbari yoshlarni mamlakat hayotidagi qutlug` ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbdan tabriklagan.

Qadrli o`g`il-qizlarim!

Siz, azizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug` ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Biz o`z oldimizga qo`ygan ulkan maqsadlarimiz ijobatini, Yangi O`zbekiston kelajagini butun el-yurtimiz qatori sizdek azmu shijoatli farzandlarimiz bilan bog`liq holda ko`ramiz. Shu bois, yoshlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularni kamol toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida doimo e`tiborimiz markazida bo`lib kelmoqda.

Bu haqda so`z yuritganda, so`nggi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo`yicha dunyoda o`xshashi kam bo`lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratilganini ta`kidlash lozim. Bu esa mahallalardagi prezident vakillari bo`lgan yoshlar etakchilari orqali qancha-qancha yigit-qizlarni kasb-hunarga o`qitish, bandligini ta`minlash, bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bilan bog`liq ko`plab masalalarni quyi bo`g`inning o`zida  hal etish imkonini bermoqda.

Ayniqsa, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar balansi” platformasi asosida olib borayotgan keng ko`lamli ishlarimiz natijasini o`g`il-qizlarimiz o`z hayotida aniq his etmoqda.

Yoshlarga er ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish bo`yicha joriy etilgan yangi tizim tufayli bu yilning o`zida “mahalla ettiligi” tavsiyasi bilan 156 ming yoshga 60 ming gektar er maydoni 30 yil muddatga ijaraga berilgani ham shu yo`ldagi muhim qadamdir.

Albatta, yoshlarning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda muhim yutuqlarga erishayotgani barchamizni xursand qiladi. Birgina o`tgan o`quv yilida maktab o`quvchilarimizdan 55 nafari matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika fanlari bo`yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medalini, madaniyat va san`at sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizning 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 359 nafari 1-o`rinni qo`lga kiritdi.

Yaqinda Qatarda bo`lib o`tgan futbol bo`yicha Osiyo kubogi o`yinlarida O`zbekiston olimpiya terma jamoasi mamlakatimiz tarixida ilk bor Olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritgani ham barchamizga cheksiz g`urur va iftixor bag`ishlaydi.

Mana, bizning qanday iste`dodli, bilimli va matonatli yoshlarimiz bor! “Yangi O`zbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo`lgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir.

Qadrli navqiron do`stlarim!

O`zbekistonda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan keng ko`lamli ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. O`tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko`ra, O`zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e`tirof etilgani ham shundan dalolat beradi. Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish bo`yicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri aynan O`zbekistondir. 2022 yilda Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, 2024 yilda esa azim Toshkentimiz – Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb e`lon qilindi.

Shu kunlarda mamlakatimizda ilk bor o`tkazilayotgan Butunjahon yoshlar festivali ham O`zbekistonga bo`lgan yuksak e`tibor namunasi, desak, to`g`ri bo`ladi. Ushbu anjumanda 92 ta mamlakatdan 700 nafardan ziyod chet ellik yoshlar, 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning vazirlik va idoralaridan rahbar va mas`ul xodimlar ishtirok etmoqda. Eng muhimi, yurtimiz yoshlarining butun dunyoda do`stlari, hamkorlari ko`paymoqda, bilim va kasb o`rganish, global muloqot va almashuvlarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda.

Aziz o`g`il-qizlarim!

Farzandlari bilimli, iste`dodli, o`zining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorug` bo`ladi. Biz O`zbekiston yoshlarini ana shunday ezgu fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Hech qachon unutmang, sizlar yoshlikning har bir daqiqasini g`animat bilib, doimo bunyodkorlik va ijodkorlik hissi bilan, vatanga cheksiz mehr va sadoqat tuyg`usi bilan yashasangiz, albatta, kam bo`lmaysiz.

Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, o`z oldingizga qo`ygan maqsadlarga erishishda barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, omad va zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo`lsin, aziz o`g`il-qizlarim!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1