Pandemiya quloch yoygani sari u keltirib chiqarayotgan muammolar ham bo`y ko`rsatyapti. Qiyin vaziyatga tushgan tibbiyot tizimi bugun yana bir muammoga duch kelgan – kurash jarayonida shifokorlar nobud bo`lmoqda.
Albatta, har qanday jangda askarlar qurbon bo`lishi tabiiy. Tibbiyot xodimi ham inson, Allohning bir bandasi. Qolaversa, shifokorlar ham shu davlatning oddiy fuqarolari qatorida, bir qarashda ularning ham kasallikdan vafot etishida g`ayritabiiylik yo`qdek.
Ammo tanganing ikkinchi tarafi ham bor – bir shifokor bugungi jarayonda o`rta hisobda 50-60 (ba`zan 100) nafargacha bemorning sog`ligi uchun kurashadi. Endi uning safdan chiqishi (yoki Xudo saqlasin, vafot etishi) malakali mutaxassislarga nihoyatda kuchli ehtiyoj bo`lib turgan bugungi kunda katta yo`qotish bo`ladi va uning o`rnini to`ldirishning amalda imkoni bo`lmay qoladi.
Misollarga e`tibor qarataylik:
1. Samarqand shahri 1-klinik shifoxonasi etakchi shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor, kafedra mudiri Ne`matilla Aralov uzluksiz faoliyati davomida shu kasallikka chalingan va 62 yoshida vafot etgan. Bir inson professor darajasiga etgunicha necha yillar kerak, ammo murakkab dard bir necha kundayoq o`z ishini qildi;

2. Toshkent shahri Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova ham 62 yoshida COVID-19'dan vafot etdi. Shifokorning o`limi hatto rasman e`lon qilinmagan va umumiy ro`yxatga qo`shilmagan;

3. Respublika ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi torakal xirurgiya bo`limi boshlig`i Odiljon Ne`matov 43 yoshida vafot etdi. Ortidan 5 farzandi qolgan umidli va yosh mutaxassis faoliyati davomida juda ko`plab murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajargan. Ammo aynan o`pka kasalligi shifokorning hayotiga nuqta qo`ydi;

Hozir bunday misollarni ko`plab keltirish, har bir viloyatdan topish mumkin. Ammo masalaning echimi marhum shifokorlarning sonini aniqlashda emas.
Tibbiyot xodimlarining o`zi tibbiy yordamga muhtoj bo`layotganiga oid vaziyat shu qadar jiddiylashganki, hatto ijtimoiy tarmoqlarda vafot etganlarning ro`yxatlari e`lon qilingan, bu kasallikka chalingan vrachlarni alohida klinikaga joylab davolash taklifi ham ilgari surilgan.
Hokim minglab chaqirimdan alohida samolyot bilan olib kelinganida shifokorlar hech bo`lmasa o`z hududlarida alohida davolanishlarida mantiq bordek. Ichki ishlar kabi tizimlarning o`z shifoxonalari bor, ammo bo`zchi bo`zga yolchimaganidek bugun shifokor o`zining sohasiga qattiq muhtoj bo`lib turibdi.
Yuqorida aytilganidek, qonun jihatdan balki shifokorlar alohida e`tiborga molik emasdirlar. Ammo ularni yo`qotish vaziyatni yanada chuqurlashtirib yuborishni anglatadi va bu masala Sog`liqni saqlash vazirligi hamda tegishli tashkilotlarning muhokamasiga arziydi.
Zero keyin kech bo`lishi mumkin!






