"Darakchi" - Tarix
"Butun olam kaftdek namoyon" shiori bilan 1996 yil 15 mayda avval rus tilida "Darakchi plyus", 3 yil o‘tib, 1999 yil 21 martda esa o‘zbek tilida "Darakchi" nomi bilan STV telekompaniyasi muassisligida chop etilgan gazetalar O‘zbekiston matbuotida tub burilish bilan maydonga kirdi. Har ikkala gazeta haftada bir marta – payshanba kuni sotuvga chiqadi.
"Darakchi" gazetasining ilk soni 1000 nusxada chop etilgan.
Gazeta ilk faoliyatida o‘quvchilariga shov-shuvlar, mashhur yozuvchilarning hech qaerda chop etilmagan asarlari, hikoyalari, san'at vakillari bilan eksklyuziv intervyular va ko‘ngilochar materiallar bilan yetib borgan. "17 yosh va undan kattalar", "Suhbatdosh", "Moziyi bisotidan sirlar", "Eng chiroyli tabassum", "Qishloqdagi hangomalar" kabi ruknlar bilan ham o‘quvchilar mehrini qozongan.
"Darakchi" o‘zbek matbuotining eng katta tirajli nashri hisoblanadi. 2000 yillar boshlarida gazeta adadi qariyb 200 000 nusxani tashkil etgan va 2005 yilda rekord darajaga – 244 000 nusxaga qadar ko‘tarilgan. Gazeta nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarda ham o‘quvchilariga ega bo‘lgan. Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, hatto Rossiya singari mamlakatlarda ham "Darakchi" tarqatilgan.
2010-2011 yillarda mazmun mundarijasini yana ham boyitib, ommabopligini oshirgan. Ayni shu yillarda O‘zbekistonning o‘zida "Darakchi" adadi respublika bo‘yicha 166 000 nusxa, poytaxtda esa 66 000 nusxani tashkil etgan. 2012 yildan boshlab gazeta ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarga ko‘proq e'tibor qaratgan.
Ijtimoiy-siyosiy yondashuvlari sabab "Darakchi" bugungi kunda "xalq bilan va xalq ichida" maqsadi bilan faoliyat olib bormoqda. Xususiy nashr sifatida davlat organlari mas'ullaridan tortib, mahalliy hokimlik organi vakillarigacha xalq oldida ochiq-oshkora ma'lumot berishini ta'minlashga muvaffaq bo‘lgan.
Ko‘plab ziyolilarimiz "ko‘pgina rasmiy gazetalar kamchiliklardan ko‘z yumib, asosan “mislisiz yutuqlarimiz” haqida bong urgan zamonlarda ham, “Darakchi” jamiyatdagi muammolarni ochiq-oydin yoritish uchun kuch topa olgan"ini e'tirof etishadi. Shuning uchun ham majburiy obunaga qarshi kurash keng tus olib, “Darakchi” bosma nashrlar orasida o‘z o‘rni va auditoriyasini saqlab qoldi.
"Darakchi" ilk chiqishidan bugungi kungacha 1000 dan oshiq sonlari chop etilgan. Bir yilda 52-53 ta son o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi. Ilk nashrdan buyon hozirgacha o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan "Darakchi"ning barcha sonlari umumiy adadi 200 mln. dan oshadi. Gazetada shu paytgacha chop etilgan barcha materiallarni bitta kitobga joylash imkoni bo‘lganida, bu "kitob"ning hajmi 70 ming betdan oshar edi. Gazeta ayni paytda 64 sahifada chop etilmoqda.
Ilk faoliyatdan bugungi kungacha nashrni 7 nafar bosh muharrir boshqargan:
- Anvar Namozov
- Dilshoda Matchonova
- Yulduz Hosimova
- Rustam Jabborov
- Dilfuza Sobirova
- Barno Madalieva
- Manzura Bekchonova
"Darakchi" nafaqat o‘quvchilari, balki unda faoliyat ko‘rsatgan yuzlab xodimlar uchun ham o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tadi. Ilk bor shu tahririyatda ish boshlab, qalami charxlangan ko‘plab ijodkorlar bugun turli sohalarda, mas'uliyatli vazifalarda faoliyat yuritishmoqda. Gazeta ijodkorlari orasida davlat mukofoti olganlar ham bor. Ular quyidagilardan iborat: Sadoqat Allaberganova, Sardor Rahmonqulov, Farida Egamberdiyeva, Karim Zaripov.
Gazetada faoliyat olib borgan jurnalistlar orasida bugungi kunda davlat tashkilotlarining axborot xizmatlarida faoliyatini davom ettirayotganlar ham yo‘q emas. Ular orasida Dilfuza Sobirova, Laylo Rustamova va Sadoqat Allaberganova bor.
Ushbu nashr bugungi kunda 64 sahifada 50 dan ortiq ruknlarda aholining qiziqtirgan 100 lab turli yo‘nalishdagi mavzular, savol-javoblar bilan o‘quvchilarga qo‘liga yetib bormoqda. Gazeta 50 yaqin ekspertlar va 100 ga yaqin chet mualliflar bilan hamkorlik qiladi. Adliya vazirligi huzuridagi "Madad" nodavlat notijorat tashkiloti va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Istemolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan hamkorlik Memorandumlari imzolagan.