AsosiyJAMIYAT

"Kabinetlarda o`tgan 27 yillik umrim Qashqadaryoda ishlagan 3 yillik ish faoliyatim bilan teng tosh bosadi" -- Islom Karimov haqida xotiralardan

Islom Karimov Qashqadaryo obkomining birinchi sekretari sifatida ishga yuborilgan 1986 yil...

'"Kabinetlarda o`tgan 27 yillik umrim Qashqadaryoda ishlagan 3 yillik ish faoliyatim bilan teng tosh bosadi" -- Islom Karimov haqida xotiralardan'ning rasmi

Islom Karimov Qashqadaryo obkomining birinchi sekretari sifatida ishga yuborilgan 1986 yilda men oblast partiya komitetining nashri – «Qashqadaryo haqiqati» viloyat gazetasida ishlardim.

Yangi viloyat rahbariga o`tmishdan og`ir meros qolgandi. «Paxta ishi» tufayli Moskvadan kelgan maxsus tergov guruhi rahbarlari – Gdlyan va Ivanovning zug`umiga chidolmagan viloyat partiya qo`mitasining yigirma besh yillik birinchi kotibi, Sharof Rashidovning safdoshi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ro`zmet G`oipov o`z joniga qasd qilgan, undan keyin bir yilgina ishlagan surxondaryolik Normo`min Turopov ishdan bo`shatilib, ustidan jinoiy ish qo`zg`atilgan edi.

Mana shunday og`ir bir sharoitda Respublika davlat plan qo`mitasining raisi, moliya vaziri bo`lib ishlagan Islom Karimov viloyatni qabul qilib oldi.

Bu o`z fikriga ega, qat`iyatli kadr uchun o`sha yillardagi respublikaning «qo`g`irchoq» hukumati tomonidan o`ylab topilgan bir «surgun» – maqsad Islom Karimovni yo`q qilish edi.

Islom Karimov ishni viloyat bilan tanishishdan boshladi. Bir o`zi kuzatuvchilarsiz obkomning uncha yangi bo`lmagan «Gaz-24» (Volga) mashinasida viloyatning tog` va cho`l zonasidagi eng olis qishloqlarigacha borib chiqdi. Odamlar bilan tanishdi, sharoitlarni o`rgandi, muammolar bilan qiziqdi. Qama-qamalar, adolatsizliklardan aholi charchagan, turmush og`irlashgan, kattayu kichik rahbarlar qo`rqib qolgan, hammaning boshi egik edi.

Men tug`ilib o`sgan Chiroqchi tumanidagi Ko`kdala qishloq sovetining raisi bo`lib ishlagan rahmatli Shodmon buva Jumaev shunday hikoya qilardi:

«Bir kuni ertalab idoramizning oldida turgandim. Oppoq «Volga» kelib to`xtadi va undan rangi toza, odmi kiyingan, o`rta bo`yli kishi tushib, men bilan salomlashdi va yonimizdagi «Selxoztexnika» mashina-traktor parki tomon yurdi. Oblast va rayondagi aksar kattayu kichik rahbarlarni tanirdim, bu odamni esa eslolmadim.

Shuning uchun uni kuzatib turdim. U mashina-traktor parkining ochiq turgan darvozasidan ichkariga kirib, hovlida turgan texnika vositalarini birma-bir ko`zdan kechirdi, qorovuldan nimalarnidir so`radi va qaytib chiqdi. Korxona rahbari hali ishga kelmagandi. U yana mening yonimga keldi. Qishloqda qancha aholi yashashi, nechta maktab va bog`cha borligi, kasalxona va boshqa sharoitlarni so`ray boshladi. Men sergak tortdim. «Kechirasiz, men sizni tanimayroq turibman» dedim.

U kishi javob berdi: «Karimovman». «Qaysi Karimovlardansiz?» Shunda u kishi miyig`ida kuldi va o`zini tanishtirdi. «Men obkomning yangi birinchi sekretari Islom Abdug`anievich Karimov bo`laman» dedi. Hayajonlanib, hovliqib qolibman, shekilli, «Assalomu alaykum, Islom aka, unda boshqatdan bir ko`rishaylik» deb ikki qo`llab qo`lini siqdim. Islom Abdug`anievich jilmayib qo`ydi va men bilan xayrlashib, mashinaga o`tirdi. Keyin ham qishlog`imizga bir necha bor keldi».

Bir kuni bosh muharririmiz hammani obkomning yangi birinchi sekretari chaqirayotganini aytdi. Viloyatning barcha jurnalistlari yig`ilgach, Islom Abdug`anievich ularga qarata: «Men viloyatda yangi odamman. Sizlar menga yordam beringlar. Viloyatdagi sharoitni, muammolarni aytinglar!», dedi va u kishining taklifi bilan biz tumanlarga biriktirilib, odamlarni dala ishlariga jalb qilish maqsadida targ`ibot-tashviqot yumushlarini olib bordik. Masalan, men o`sha paytdagi Usmon Yusupov nomidagi tumanga (hozir Mirishkor) borib, brigadalarda devoriy gazetalar chiqarganmiz.

Bu ishlar qanday natijalar berganini bilmadim. Ammo shundan so`ng Islom Karimov har oyda biz bilan uchrashadigan bo`ldi. Savollarimizga javob berar, injiqroq hamkasblarimiz bilan bahslashishdan erinmasdi. Yoki har dushanba kuni bo`ladigan tahririyat «planirovka»larida qo`qqisdan bosh muharririmizga qo`ng`iroq qilib qolar, gazetada berilayotgan maqolalar haqida fikr bildirar, ko`rsatmalar berardi.

Umuman, Islom Abdug`anievich jurnalistlarga nisbatan e`tiborli edi. Keyinroq u kishi respublikaga birinchi rahbar bo`lib ketgach, O`zAning viloyatdagi muxbiri sifatida ko`p bor Qashqadaryoga qilgan safarlarida hamroh bo`lganman, o`tkazgan yig`ilishlarida ishtirok etganman. Toshkentga qaytar ekan, aeroportda, albatta, jurnalistlar bilan birma-bir qo`l berib ko`rishar va safar haqidagi fikrini, savollari bo`lsa, berishini so`rardi. Jurnalistlar bilan ko`proq gaplashishga intilardi.

U kishining Qashqadaryoga mehri bo`lakcha edi. Bu vohani ikkinchi ona yurtim, deb atardi. Va bir gapni ko`p bora takror-takror aytganini eshitganman: «Mening Toshkentda kabinetlarda o`tgan 27 yillik umrim Qashqadaryoda ishlagan 3 yillik ish faoliyatim bilan teng tosh bosadi» derdi.

Imkoni bo`lsa, bir yilda ikki bor, hech bo`lmasa, albatta, bir bor bu vohaga safar qilar, ko`pincha yoz oylarida yoki paxta yig`im-terimi mavsumida borardi. Biz u kishi hayotining eng qizg`in yillari o`tgan joylarni ko`rib, birga ishlagan odamlar bilan uchrashib, mehnatlarining samarasini sezib, zavq, kuch-quvvat olishini his qilardik. Qashqadaryoliklar ham bu kishini yaxshi ko`radi. Og`ir damlarda voha ahlini qo`llab-quvvatlagani, viloyat shahar va qishloqlarini obod va ko`rkam qilishga qo`shgan hissasini sira unutmasdi.

Bu dunyoda hech kim boqiy emas. Islom Karimov «o`tgan»ida butun O`zbekiston yig`laganining guvohi bo`ldik. Bugun Islom Abdug`anievich oramizda yo`q. Ammo u kishi amalga oshirgan ezgu ishlar hamisha barhayot. Ekkan daraxtlari yashnab turibdi. Shogirdlari mamlakatni boshqarmoqda.

Shu o`rinda Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan donishmandona ish tutilganiga butun dunyo tan bermoqda. Mamlakatimiz poytaxti – Toshkent shahrida, u kishi tug`ilib o`sgan Samarqandda, katta siyosatga uchirma bo`lgan Qashqadaryo viloyatining markazi – Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimizning haykallari qad rostlab turibdi. Ishlagan, asosiy umri o`tgan Oqsaroy qarorgohida ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmui tashkil etilgan. Xalqaro aeroportga, u kishi o`qigan texnika universitetiga, qator ko`chalarga Islom Karimovning nomi berilgan va hakoza.

Qaytar dunyo deganlari rost ekan. Bir vaqtlari u kishining o`zi elimizning atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovga nisbatan tarixiy adolatni tiklagandi. O`zbekiston hukumati bu masala – o`tmishga munosabatda ko`plab olis va yaqin davlatlarga ibrat bo`lmoqda, deyishimiz mumkin.

Ta`kidlashim kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda ba`zi bir xorijdagi hamkasblarimizning Birinchi Prezidentimiz sha`niga bildirayotgan tanqidiy fikrlarini men sira qabul qilolmayman. Ularga aytadigan gapim: shu odamning o`rnida siz bo`lganingizda nima qilardingiz? Islom Abdug`anievich o`zbek xalqi uchun qilgan xizmatlarining yuzdan birini ham qilmagan holda unga «tosh otish», «g`iybat, bo`hton» ishlar bilan shug`ullanish gumrohlik. Beayb parvardigordir.

Bugun aytilayotgan muammolar hamma zamonlarda bo`lgan va bundan keyin ham kamayib qolmaydi. Xalqimiz erkin va farovon yashashga haqli. Shuning uchun ham odamlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatlamoqda. Ayniqsa, bu yil mamlakatimizda sodir bo`lgan sinovli voqealar – Buxorodagi to`fon, «Sardoba» suv omboridagi toshqinlar, butun er yuzini qamrab olgan koronavirus pandemiyasi O`zbekiston xalqini yanada jipslashtirdi, davlatga ishonchini orttirdi. Prezidentimizning O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan so`zlagan nutqi xalqimizni yangi bunyodkorliklar sari undamoqda. Xalq va davlat birligi, bir-birini qo`llab-quvvatlashi yutuqlarimizning asosiy omili bo`lmoqda.

Eng muhimi, tinchlik va mustaqillikni asrashdir. Xalqimiz, avlodlarimiz Birinchi Prezidentimizning nomini hali ko`p yillar minnatdor bo`lib yod etgay…

Abdujalol TAYPATOV, O`zA

    Boshqa yangiliklar