Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan bayram tadbirida davlatimiz rahbari ta`lim yo`nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida so`z yuritdi.
– Ta`lim-tarbiyaning boshlang`ich bo`g`ini bo`lgan maktabgacha ta`lim tizimidagi o`zgarishlardan hammangiz yaxshi xabardorsiz. Sohada yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida Maktabgacha ta`lim vazirligi tashkil etildi.
2017 yili yurtimizda 5 ming 211 ta bog`cha faoliyat yuritgan bo`lsa, joriy yilda bu raqam – tasavvur qiling – 19 ming 316 taga etdi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda oilaviy bog`chalarning joriy etilishi, bir qator imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari faoliyati yo`lga qo`yildi.
Ushbu islohotlar natijasida biz maktabgacha ta`limga qamrov darajasini 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o`rtasida esa 77 foizga etkazishga erishdik.
Yangi turdagi ta`lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo`lga qo`yilmoqda.
Birgina 2020 yilni oladigan bo`lsak, yurtimizda matematika fani bo`yicha 56 ta, kimyo-biologiya fani bo`yicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo`yicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.
Ta`lim sohasida yangicha yondashuvlar faol joriy etilmoqda. O`zingiz ayting, bundan to`rt-besh yil oldin respublikamizda xususiy maktab yoki bog`cha bo`lishini tasavvur qilish mumkinmidi? Biz bu sohada jahon tajribasini o`rganib, yangi tartib-qoidalarni, zamonaviy ta`lim usullarini joriy etmoqdamiz.
Jumladan, xususiy maktab ochish uchun lisenziya olish tartibi soddalashtirildi. Nodavlat ta`lim maskanlari davlat tomonidan keng qo`llab-quvvatlanayotgani tufayli hozirgi vaqtda ularning soni 195 taga etdi.
Bularning barchasi o`z ijobiy natijasini bermoqda. Buni 2017-2020 yillarda o`quvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qo`lga kiritgani misolida ham yaqqol ko`rish mumkin.
Yoshlarni talab yuqori bo`lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o`rgatish uchun o`tgan o`quv yilida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yo`lga qo`yildi.
Bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning o`zi oliy ta`lim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Shu bois, yurtimizda so`nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta`lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga etkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi.
Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga e`tibor bering – 28 foizga etkazildi. Yaqin kelgusida ushbu ko`rsatkichni 50-60 foizga etkazish mo`ljallanmoqda, – dedi Prezidentimiz.
Tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.