Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan bayram tadbirida prezident o`z nutqini yakunlar ekan shunday dedi:
"Men siz, azizlarni, millati, tili va dinidan qat`i nazar, barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulug` va sharafli safda – yangi O`zbekiston bunyodkorlari safida ko`rib turganimdan baxtiyorman.
Oradan hali qancha yillar, asrlar o`tadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yo`lida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, o`chmas sahifa bo`lib qoladi.
Fursatdan foydalanib, siz qadrdonlarimni, mo``tabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimizni, butun xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mana shu muborak ayyomda barcha yutuqlarimizning bunyodkori bo`lgan mehnatkash, mard va saxovatli, bag`rikeng va olijanob xalqimizga farzandlik mehri bilan ta`zim qilaman.
Barchamizni oq yuvib, oq tarab voyaga etkazgan ona xalqimiz doimo omon bo`lsin!
Yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson ezgu maqsadlariga etsin!
Mustaqilligimiz abadiy bo`lsin!
E`tiboringiz uchun rahmat"